Turkiyaning janubi-sharqiy qismidagi viloyatlarda 6 fevral kuni yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani ma’lum qilingandi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga hamdardlik yo‘lladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi.

Qardosh Turkiya yetakchisi va xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlatimiz rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi, — deya qayd etiladi Sherzod Asadov bergan axborotda.

Zilzila to‘g‘risida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, 6 fevral Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko‘ra, mamlakatning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalariga zilzila oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.

O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi (+90−312−441−38−71, +90−312−441−17−46) va/yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga (+90−212−323−20−37, +90−212−323−20−39) murojaat qilishlari mumkin, — deyiladi vazirlik bayonotida.

TIV rahbari vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov ham hamdardlik bildirib, «Turkiya xalqi uchun juda og‘ir damlarda birodarlarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz», deya Telegram kanalida post qoldirdi.

Anadolu agentligining Twitter`da mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, soat 04:17 da Qahramonmarash viloyatining Pazarjik tumanida 7,4 magnitudali, 04:27 da Gaziantep viloyatidagi Nurdagi tumanida 6,6 magnitudali va 04:36 da shu viloyatning Islahiye viloyatida 6,5 magnitudali zilzila qayd etilgan.

RIA Novosti yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila oqibatida 284 kishi halok bo‘ldi, 2383 kishi jarohat oldi. Bu haqda vitse-prezident ma’lum qilgan.