Dushanba kuni Turkiyada sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalardan so‘ng ko‘plab o‘zbekistonliklar mamlakatda shunday kattalikdagi tabiiy ofat bo‘lishi mumkinmi, deb so‘rayapti. Kunning ikkinchi yarmida Afg‘onistonda 4,1 magnitudali (Toshkentdan 438 km uzoqlikda) va Qozog‘istonda (165 km) 4,3 magnitudali zilzila qayd etildi.

O‘zbekiston FVV shu kabi savollarga javob berar ekan, bugungi kunda respublikada FVV hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida Seysmik vaziyatni baholash va kelgusidagi seysmik vaziyatni prognoz qilish bo‘yicha Idoralararo ekspert komissiyasi faoliyat yuritadi. Mazkur Idoralararo ekspert komissiyasi har hafta bo‘yicha respublika va unga chegaradosh hududlarda zilzila sodir bo‘lish ehtimolligini kompleks-prognostik kuzatuv natijalariga asosan baholashini ma’lum qildi.

Hozirgi kunda zilzilalarni prognoz qilish sohasida seysmometrik, geofizik, magnitometrik va gidrogeoseysmologik kuzatuvlar olib boriladi.

Olingan kuzatuv ma’lumotlari natijalariga asosan Idoralararo ekspert komissiyasining 3 fevraldagi 5-sonli bayoni xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda magnitudasi M≥5 bo‘lgan zilzilalar darakchilari aniqlanmagan hamda kuchli zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli mavjud emasligi ma’lum qilindi.

Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti vakili, professor, akademik Qaharbay Abdullabekov 2011 yilgi intervyusida (rus tilida — tahr.) zilzila darakchilari nima ekanligi haqida gapirgan edi.