O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Farg‘ona viloyatida tibbiyot xodimlari va OAV vakillari bilan uchrashuvda tizimdagi korrupsiyani bartaraf etish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Bu tasvirlangan video dushanba tongidan tarmoqlarda tarqala boshladi.

Jurnalistlardan biri Inoyatovning ishga kirishishi bilan ilgari surgan tashabbusiga taklif sifatida «korrupsiyani yo‘qotish uchun avvalambor yaxshi sharoit va oylik maosh bilan ta’minlash zarurligi, shundagina bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qolishini» aytdi.

Vazir esa bunga quyidagicha fikr bildirib o‘tgan: «To‘g‘ri, gapingizda jon bor. Biz rivojlanayotgan davlatmiz. Shifokorlarimizning oyligini birdaniga 2000−5000 dollar qila olmaymiz. Maktablarimiz [yetishmovchiligi muammosi] bor. Muammo ko‘p. Lekin bu sekin-asta [hal] bo‘layapti».

U gap rahbar-shifokorlar haqida gap ketayotganini ta’kidlab, xodimlardan birining oylik maoshini qanchaligini so‘radi. Savolga javoban shifokor 5,5 mln so‘m oylik olishini aytdi. Vazir yana savol bilan yuzlanib, bemor ham ko‘rish-ko‘rmasligini so‘radi va tasdiq javobini oldi.

«Shu bemorni agar mehr bilan davolasangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga barakasini (pul nazarda tutilmoqda — tahr.) berib ketadi. So‘ramasangiz ham o‘zi xursand bo‘lib, berib ketadi. Vazir sifatida aytish qanchalik to‘g‘ri [yoki yo‘q], lekin men ochiq-oydin aytayapman. Yetmaydimi? Mana savol. Yetmaydimi degan savolni o‘zimizga o‘zimiz berishimiz kerakda», — dedi Amrillo Inoyatov.

U shuningdek, o‘zi ham operatsiya qilishini (ya’ni bemorlarga xizmat ko‘rsatishini) qo‘shimcha qilgan.

«Gar qanoat birla yursang barqaror, dunyoda hech bo‘lmagaysan xori-zor. Odam sabrli bo‘lib, qanoat bilan o‘zini ustida ishlab, o‘zini brendini yaratsa, xalqning o‘zi shunday boqadiki… Eh-heee jonajon xalqimiz o‘zi oyog‘ingizni yerga tekkizmay olib yuradi», — dedi SSV rahbari.

Vazirning ta’kidlashicha, avvalambor rahbar o‘rnak bo‘lishi kerak.

«Vaqti-soati keladi, 1−2 yoki 5 yildan keyin 5−10 ming dollar oladigan kun kelar. Buning uchun har bir tashkilot rahbarining o‘zida gap ko‘p. Nima uchun? Men o‘zimni oldingi tashkilotim [Buxoro davlat tibbiyot instituti]da rektor bo‘lib ishlagan paytimda, bundan 5−6 yil oldin, xodimlarim bugun 10 mlndan 30 mln so‘mgacha oylik olayapti. Shunaqa sharoit qilib berganman. Shunaqa pul topish yo‘llarini qilib berganman. Rasmiy (qonuniy — tahr.) pul topamiz va shundan kimni ishiga qarab, pulni taqsimotini qilamiz. Marhamat, hamma rahbarga bu vakolat berilgan. Bu rahbarning shaxsiga ham bog‘liq. Buning uchun rahbar toza bo‘lishi, to‘g‘ri ishlashi, o‘zidan boshlashi kerak. Barcha parametrlar bo‘yicha o‘zi namuna bo‘lishi lozim», — deya so‘zini yakunladi Inoyatov.

Eslatib o‘tamiz, dekabr so‘ngida sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Amrillo Inoyatov tizimda 2023 yilni Korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qilgandi. «Ishonch telefoni sifatida o‘zimning shaxsiy raqamimni ham kiritaman», — degandi u. Vazirlik tizimida 2020 yil ham korrupsiyaga qarshi keskin kurash yili bo‘lgandi.