O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ayni vaqtda Turkiyaning janubiy viloyatlarida bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat yo‘lladi.

Unda fuqarolar kuchli zilzilalar qayta sodir bo‘layotgani sababli ayrim qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqirildi.

Agar siz zilzila sodir bo‘layotgan viloyatlarda bino ichida bo‘lsangiz, hujjatlar va zarur narsalarni olib, binodan tezda chiqing. Xonadan chiqayotganda liftda emas, zinapoyalardan foydalaning. Ko‘chada qoling, lekin binolar yonida turmang, ochiq joyga o‘ting. Tinchlaning va boshqalarni tinchlantirishga harakat qiling! — deyiladi ogohlantirish xabarida.

Mamlakat elchixonasi ham zilzila bo‘yicha ma’lumot berib, turk xalqiga moddiy-ma’naviy hamdardlik ko‘rsatish maqsadida ko‘plab fuqarolardan takliflar kelib tushayotganini bildirdi.

Qishki kiyim-kechak, yopinchiq yoki boshqa shakldagi moddiy yordam ko‘rsatish istagidagi fuqarolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Anqara shahridagi elchixona (+90 538 035 85 34) yoki Istanbuldagi Bosh konsulxona (+90 212 323 20 37, +90 212 323 20 39)ga murojaat etishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Turkiyaga zilziladan jabr ko‘rganlar uchun gumanitar yordam va Favqulodda vaziyatlar vazirligining bir guruh qutqaruvchilarini jo‘natadi. Vazirlikning aniqlik kiritishicha, 60 nafar FVV qutqaruvchilari hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuborilmoqda.

Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida 1014 kishi halok bo‘ldi.