Iyul boshida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarni o‘rganish va mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan parlament komissiyasi Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Polat Shamshetov vafoti bo‘yicha o‘rganish olib borishini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilganlikda ayblanib, 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Polat Shamshetov 4 fevral kuni erta tongda taxminan yurak xurujidan vafot etgani haqida yozgandi.

Mazkur holat bo‘yicha mustaqil komissiya a’zolari 6 fevral kuni Buxoro viloyatiga borib, o‘lim holati sabablarini, jumladan hibsxonadagi sharoitlar, kamera yozuvlari, dastlabki tibbiy hulosa va boshqa tegishli hujjatlarni o‘rganadi. Shuningdek, marhum bilan bitta kamerada bo‘lgan shaxslar va tergov hibsxonasi xodimlari bilan suhbat o‘tkaziladi.

Komissiya a’zolari marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi.