26−27 yanvar kunlari «Yuksalish» umummilliy harakati respublika hududlaridagi dorixonalarda taqiqlangan dori vositalarining sotilishini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazdi. «Sirli mijoz» ko‘rinishidagi monitoring O‘zbekiston bo‘ylab 308 ta dorixonani qamrab oldi, deb xabar bermoqda harakat matbuot xizmati.

Natijada hududlarda dorixona xodimlari taqiqlangan dori vositalari sotilmasligi haqida xabardor qilingani ma’lum bo‘ldi. Iste’molchilar huquqlarini ximoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, patronaj xizmatlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda, sotuvdan chiqarilgan dori vositalari ro‘yxati tarqatilmoqda. Aksariyat dorixonalarda esa taqiqlangan dori vositalari sotuvdan olib qo‘yilgan, biroq omborlarda hamon saqlanmoqda.

Monitoringda ayrim dorixonalarda sotuvi to‘xtatilgan dori vositalari erkin sotuvda mavjud. Xususan, Qashqadaryo viloyati va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan [Quramax Medical kompaniyasi olib kirgan] «Nolgripp Junior» yo‘talga qarshi siropi, «Travamaks», «Nolgripp» va «Sinepar» tabletkalari va pastillarini hali ham xarid qilish mumkin. Aholi ushbu dori-darmonlarni yuz bergan fojiali holatlar, sog‘liq va hayot uchun ehtimoliy xavflarga qaramay, avvalgidek sotib olayotgani aniqlandi, deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan harakat quyidagilarga chaqirdi:

  • aholi, ayniqsa, chekka qishloqlar, poliklinikalar o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini o‘tkazish;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi to‘xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan dori vositalari ro‘yxatini barcha dorixonalarning ko‘rinadigan joyiga joylashtirish;
  • vazirlik tomonidan savdosi to‘xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan, lekin omborlarda saqlanayotgan barcha dorilarni, tadbirkorlarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalasini ko‘rib chiqqan holda yo‘q qilinishini ta’minlash.

30 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan barcha dori-darmonlar savdosi to‘xtatilgan va ro‘yxat e’lon qilingan.

marion biotech, quramax medical, «юкsалиш» umummilliy harakati

Monitoring natijalari bo‘yicha materiallar (dorixonalar manzillari, cheklar) chora ko‘rilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga taqdim etildi.

Ma’lumot uchun, 13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Quramax Medisal MCHJga berilgan litsenziya bekor qilingan va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yanvar oyida dori ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va tayyorlash jarayoni sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, hukumatlarni bozorlarda sifatsiz va qalbaki dori vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirgan. «Dok-1 Maks» siropi O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Avvalroq SSV Buxoro viloyatida «Sinepar» siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqidagi xabarlar yolg‘on ekanini ma’lum qilgandi. Shuningdek, fuqarolardan shifokor ko‘rsatmasisiz, o‘zboshimchalik bilan dori ichmaslik so‘raldi.