Toshkentning Yangihayot tumanida 31 yanvar kuni 12 yoshli qiz bedarak yo‘qolib qolgan. 1 fevralga o‘tar kechasi soat taxminan 2:30 larda uning murdasi o‘z uyi yaqinidan topilgan. Holat yuzasidan 29 yoshli erkak ushlangan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «z» bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda qasddan o‘ldirish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, «gumonlanuvchi shaxs 2022 yilning yozida marhumaning xonadonida yollanma ishchi sifatida ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan».

«Hudud24.uz» sayti marhumaning onasi va buvisi bilan uyushtirilgan videosuhbatni e’lon qildi.

«Qizim: „Men tanilishim kerak derdi“, derdi. Tirigi emas, o‘ligi tanildi!»

Muslima oilaning to‘ng‘ichi edi (uning 6 yoshlik va 6 oylik ikki singlisi ham bor edi), u buvisi (onasining onasi) bilan birga yashar, «buvisining soyasi» edi, «buvisini onasidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rardi». «Aqlligina qizim edi… Bo‘ylari uzun, chiroylikkina, qorachadan kelgandi», — deb eslaydi uch qizni uzatgan, bu nevarasini ham o‘zi katta qilib, o‘z uzatmoqchi bo‘lgan Husnora buvi.

Buvining so‘zlariga ko‘ra, Muslima «birovga bo‘y beradigan qiz emasdi». «Ozg‘in bo‘lsa ham, kuchli qiz edi. Agar birov uni nohaq ayblasa, nohaq ursa, qaytimini beradigan qiz edi. Ursa uradigan qiz edi-da. Birovdan kaltak yeb, burni oqib keladigan qiz emasdi», — deydi buvi.

Qizning onasi Umida ham buni tasdiqlaydi — «uncha-munchaga kaltak yeydigan qiz emasdi». «Ustozlaridan so‘rasangiz ham aytishadi — tirishqoq, kuchi yetmasa ham harakat qiladigan edi… Shunaqa tarbiyalagan edik», — deydi ona. «Chiroyli edi, odobli edi, qarasangiz ko‘z tegadigan qiz edi», — deya qo‘shimcha qiladi u, ko‘zida yosh bilan.

Mushuklarni yaxshi ko‘radigan Muslimaning orzusi styuardessa bo‘lish edi. «Inglizchani ham to‘liq tarjima qilib ketaverardi». «Bolam „Men katta odam bo‘lishim kerak“, derdi. „Men tanilishim kerak, butun dunyoga tanilishim kerak“, derdi bolam… O‘ligi tanildi bolamning, o‘ligi! Tirigi emas, o‘ligi!», — dod solgancha yig‘laydi ona.

Bedarak yo‘qolgan qiz va qog‘ozbozlik

Husnora opaning so‘zlariga ko‘ra, qotillik yuz bergan mahallaning ko‘chalari yoritilmaydi, yolg‘izoyoq ko‘chalar ham kam emas, kechasi mahalla yo‘llaridan o‘tayotgan odamlarni «bilmaysan, tanimaysan», kameralar yo‘q.

Husnora opa, Muslimaning buvisi. Kadr: Hudud24.uzHusnora opa, Muslimaning buvisi. Kadr: Hudud24.uz

Fojia yuz bergan kuni qiz o‘z ota-onasining uyidan maktabga chiqib ketgan. Umida onaning so‘zlariga ko‘ra, «hamma narsa odatdagidek edi». Muslima shu kuni maktabga shoshavergan. Onasi: «Hali sovuq-ku, bugun maktabga bormay qo‘yaqol» desa, u: «Yo‘q, ustozim har kuni nazorat qilyaptilar, o‘qishim kerak, katta odam bo‘lishim kerak», deb ketgan.

Husnora buvining ta’kidlashicha, Muslima maktabdan «16:30—17:00 larda» qaytardi. O‘sha kuni Muslimaning darslari 15:30 da tugagan, «aylanib, arg‘imchoq uchib kelgan»ida ham taxminan 16:15 larga uyga yetib kelishi kerak edi. Muslimaning onasi shunday deydi: «Yarim soat kech qoldi… Keyin kelinim telefon qildi, «Muslimani mahalla boshida ko‘rishibdi, uyga yetib kelmadimi? Uyga kirmadi-da, unday odati yo‘q edi-ku», dedi».

Onasining qayd etishicha, doimiy nazorat ostida bo‘lgan Muslimaning haqiqatan ham yomon odatlari, xususan, maktabdan uyga besabab kechikib kelish, ko‘chada qolib ketish kabi odatlari yo‘q edi. Qiz kelavermagach, «102»ga qo‘ng‘iroq qilingan. «18:00 gacha kutdik, keyin 18:30 gacha hammadan so‘rab chiqdim… Qidirmagan joyim qolmadi… Bir qadamgina joylarda bolam yotgan ekan, men bo‘lsa qayoqlarni qidirib keldim», — deydi buvisi.

Umida uning bolasi yo‘qolgan vaqtda mahalla profilaktika inspektorining qog‘ozbozlikka berilganidan qat’iy norozilik bildiradi. «„Sizlar qanaqa oilasizlar?“, deb so‘rab o‘tiribdi… U mahalla uchastkavoyi, bizni biladi, taniydi, lekin cho‘zib o‘tiribdi. O‘sha payt qog‘ozbozlik qilish o‘rniga qidirsa, bolamni balki asrab qolardik. Qandaydir yarim soat hal qilyapti», — deya yig‘laydi ona.

«Qog‘ozbozlik bo‘ldi, u bo‘ldi, bu bo‘ldi — shu bilan 2−3 soat o‘tib ketdi. Ungacha qidirmagan joyimiz qolmadi, «Sergeli-yarmarka»dan buyog‘ini qaradik, burger, lavashxonalarni qarab chiqdik. Unday odati yo‘q, yo‘q odatlarini ham tekshiryapman, yerto‘lalar, qurilish joylarini tekshirdim. Bilasizmi, qachon taslim bo‘ldim? Kechasi 22:00 dan keyin. 22:00 dan keyin bolamning hech bo‘lmasa o‘ligini qayerdan topaman, dedim. O‘ligini!», — deydi Umida ko‘zda yosh bilan.

Husnora opaning aytishicha, Muslimani kechgacha qidirishgan. «Tumonat odam keldi, ishonasizmi, tumonat! Ko‘chamiz, narigi ko‘chalar odamga to‘lib ketdi. Shunday mehribon xalqimiz bor ekan, qo‘ni-qo‘shnilarimiz bor ekan. Tanish-bilish, bolamni tanigan sinfdoshlari, maktabdoshlari, ota-onalari, soat tonggi 4:00 da ham shu yerda edi hammasi», — dedi marhumaning buvisi.

Umida opa, Muslimaning onasi. Kadr: Hudud24.uzUmida opa, Muslimaning onasi. Kadr: Hudud24.uz

Bu vaqtga kelib qiz buvisi yashaydigan uyning darvozasidan olib ketilganiga ko‘pchilik ishonib bo‘lgandi — uy joylashgan ko‘cha boshida (ko‘prik oldida)gi xususiy bolalar bog‘chasiga o‘rnatilgan kamerada Muslima dugonasi bilan xayrlashayotgani ko‘ringan, u yerdan uygacha bo‘lgan masofa esa juda qisqa. «U bir daqiqa orasida uyda bo‘lgan. Darvoza oldidan sudrab ketgan qizimni. Qizim qo‘ng‘iroqni bosishga talpingan, urib, og‘zini yopib, sudrab olib ketgan», — deydi ona.

Muslimani o‘ldirishda gumonlanayotgan yigit qidiruv ishlarida «yordamlashgan»

Qotillikda gumonlanayotgan taxminan 30 yoshlardagi yigit — Husnora buvining qo‘shnisi. «Kameradagi Aziz edi deyishsa, yo‘q, qo‘shnim unaqa ish qilmaydiyu, yon qo‘shnimiz, tuhmat iymondan ayiradi, tuhmat qilmalaring, bir joydan non-tuz yeganmiz», deganini eslaydi buvi. «Yaqinda ham [Muslimaning ota-onasi uyi]da remont bo‘lganida qarashib yurgandi. Ikki oy remont bo‘ldi, ishlab, qarashib yurdi», — deydi Husnora opa.

«[Muslima] uni tanigani uchun to‘xtagan-da… Qizning og‘zini yopib olib ketdimi, baqirtirib olib ketdimi, o‘sha payt hech kim bilmay qolgan», — deydi buvi. «Eshik tagidan olib ketib, nima qilsa qilib, ariqlarga bulg‘ab, bolamni sog‘ joyini qoldirmagan», — deb yana yig‘laydi Husnora opa. Gumonlanuvchi «necha marta qamalib, amnistiyalar bilan chiqqan», uni «akasi qancha qancha qo‘llab-quvvatlab, shu paytgacha boqib, olib yurgan». «Akasi kameradan bir ko‘rganda: „Bu 95 foiz mening ukam“, deb aytibdi, „5 foizga adashayotgan bo‘lishim mumkin“, debdi».

Qidiruvga kirishish vaqtida esa, albatta, hech kim qo‘shnidan gumon qilmagan. Shu bois Umida birinchilardan bo‘lib ularga telefon qilgan. «Muslima sizlarning eshigingiz tagigacha kelgan ekan, ko‘rmadinglarmi?», deb birinchi bo‘lib shularga telefon qilibmiz. Darvozangiz tagida qolib, o‘sha yerda qizlaringiz bilan o‘ynab qolgan bo‘lsa, ko‘rmadingizm?", deb so‘rabmiz", — deydi ona.

«Men ularga telefon qilayotganimda, u buyoqda bolamni bo‘g‘izlayotgan ekan! Bolamni bo‘g‘izlayotgan ekan, kelib-kelib, men o‘shalara telefon qilibman, „bolamni ko‘rmadingizmi?“, deb!», — deb dodlaydi ona.

Qidiruv ishlari ayni avjiga chiqqan vaqtda qotillikda gumonlanuvchi Husnora opaning o‘g‘li Rustamning oldiga chiqib, qizni boshqa joylardan qidirish kerakligi haqida maslahat bergan. «U bu yerga chiqib, o‘g‘limga: „Rustam, buyoqlarni qidirma, buyoqlarda bo‘lmaydi-ku, bu yerlarda hamma joyni bilamiz-ku, huv kompleks, zavod taraflarni qidirgan“, deb o‘g‘limga yo‘nalish ham berib yuboribdi», — deydi Husnora opa.

Umida ham hali gumonlanuvchi ekani noma’lum qo‘shni ularni chalg‘itganini aytadi. «O‘sha (qizning murdasi yotgan joy — tahr.) tomonga ketayotsak, „Bu yerda nima qiladi, bu yerda bo‘lsa, shuncha odam bo‘lib, allaqachon topardik-ku, yurlaring kompleksga“, dedi. Katta dala bor, o‘sha yerga boshladi. Kamiga o‘zi ham birga qidirishdi», — deb eslaydi ona.

Shundan so‘ng telefon bo‘lib, qiz topilgani aytilgan. «Adashmasam, 50 tacha organ xodimi keldi. Hammasi birin-ketin o‘tib ketadi, nimaligini aytmaydi, „Yo‘q, [murda] sizlarniki emas, boshqa bo‘lishi mumkin, xavotir olmanglar“, deydi. Oxiri bir xodim papkasini ko‘tarib kelganida tamom bo‘ldim», — deydi Husnora buvi.

«Umrbod qamoq jazosini so‘rayman»

тошкент, янgiҳаёт тuмани, qotillik

Husnora opaning hali tili yaxshi chiqmagan Maryam ismli bir yashar nevarasi bor. Muslima unga doim bitta so‘zni — «chigirtka» deyishni o‘rgatardi. «Kim uchundir bu, balki, mayda gapdir, ammo men bolam hayotining so‘nggi kunlaridagi narsalarni aytyapman. „Maryam, chigirtka degin“ derdi, tili chiqmagan nevaram esa „chigitka, chigitka“ deb takrorlardi, uning shunday takrorlashiga ishqiboz edi», — deb eslaydi buvi.

«Ishonasizmi, bugun nima bo‘ldi? Shu havoda, mana shunday vaqtda ko‘chada chigirtka bo‘ladimi? Yo‘g‘a?! Menimcha, bo‘lmaydi. Ishonmasangiz, olib kelib ko‘rsataman — uyga kattakon chigirtka kirib olibdi. Uni ko‘rib, „Bolam, uyga chigirtka holida kirib keldingmi?“, deb bir dodladim. O‘lgunicha shu so‘z tilidan tushmagandi», — derkan, Husnora opa hammasi «tush bo‘lsayu, uyg‘onsam, bolam yonimda bo‘lib qolsa» deb yana yig‘laydi.

Muslimaning onasi Umida esa ko‘zda yosh bilan prezident va xalqqa yordam so‘rab murojaat qilgan. «Kimdan yordam so‘ray? Prezidentimdan yordam so‘rayman, boshqa kimdan so‘ray?! Xalqdan yordam so‘rayman, mo‘min-musulmonlardan, Hajga borganlardan yordam so‘rayman — bolam haqiga duo qilishsin! Prezidentdan [aybdorga nisbatan] umrbod qamoq jazosini, oliy jazoni so‘rayman!», — dedi Umida ona.

Marhumaning onasi qotillikda gumonlanayotgan shaxsni mahalladan ko‘chirib yuborishni ham talab qilgan. «Mahallamdan ko‘chirib yuborishsin! [Muslimadan] keyin guldek yana ikki qizim bor. Keyingisi [Muslima]ning xuddi o‘zi. Ertaga, u maktabga chiqadigan paytda [qotil] qamoqdan chiqib keladimi?», — deya savol qo‘ygan ona umrbod qamoq jazosi haqidagi so‘rovini shunday izohlagan.

Video onaning shunday so‘zlari bilan tugagan: «Onalarga bolasining dog‘ini ko‘rsatmasin!».

Muslima iyulda 13 yoshga to‘lgan bo‘lardi.