G‘arb davlatlari Moldovani «navbatdagi Ukraina» roli uchun ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Rossiya Segodnya» bosh direktori Dmitriy Kiselevga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Kisilev qaysi davlatlar «Ukraina yo‘lidan borishi» mumkinligini so‘radi hamda Qirg‘iziston va Qozog‘istonni misol tariqasida so‘radi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari esa Moldova nomini oldi.

«Hozir Moldova bu rol uchun ko‘rib chiqilmoqda, birinchi navbatda, ular NATOga qo‘shilish istagida bo‘lgan erkin demokratik emas, balki mutlaqo aniq usullar bilan mamlakat boshiga prezidentni [Maya Sandu] qo‘yishga muvaffaq bo‘lishdi. U Ruminiya fuqaroligiga ega, u Ruminiya bilan birlashishga tayyor va umuman, deyarli hamma narsaga tayyor», — dedi u.

Moldova Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Daniyel Vode Lavrovning bayonotini tanqid qilib, vazirning so‘zlari «Rossiya diplomatiyasining mashhur tahdidli ritorikasining bir qismi» ekanini ta’kidladi.

«Moldova Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga Moldova ketayotgan yo‘l Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘li ekanligini eslatmoqchi. Bu fuqarolarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qaror», — deb yozadi u.

«Moldovaliklar, siyosiy yoki geosiyosiy imtiyozlardan qat’i nazar, tinchlik, erkinlik va demokratiyani istaydi. Fuqarolarimizning bu qarorini hurmat qilgani uchun barcha davlatlardan, jumladan, Rossiyadan ham minnatdor bo‘lamiz. Moldova o‘z kelajagini tanladi va bu kelajak erkin dunyoning bir qismi bo‘ladi», — dedi Vode.

20 yanvar kuni prezident Mayya Sandu Politico nashriga Moldovada mamlakatning o‘zini himoya qilish qobiliyati va «kattaroq ittifoq»ga qo‘shilish imkoniyatlari haqida jiddiy muhokama bo‘layotganini aytgandi. Ukrainadagi mojaro respublikada konstitutsiyada mustahkamlangan betaraflikka nisbatan «qadriyatlarning qayta baholanishi»ga sabab bo‘ldi, deb yozdi nashr.

Moldova Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan bir necha kun o‘tib Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun ariza bergan edi. Iyun oyida Moldova Ukraina bilan birgalikda YeI a’zoligiga nomzod maqomini oldi.

Meduza xabariga ko‘ra, Rossiya siyosatchilari va rasmiylari, jumladan, prezident Vladimir Putin Ukrainadagi keng ko‘lamli urushni G‘arb go‘yoki u yerda RFni yo‘q qilishga mo‘ljallangan «antiRossiya» qurayotganini aytib, bir necha bor oqlagan.