Hozirda O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq shaxs OIV kasalligi bilan yashab kelmoqda. Bu haqda 2 fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktor o‘rinbosari Gulifor Normuratova ma’lumot berdi.

Uning qayd etishicha, o‘tgan yilda bu infeksiyaga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan.

Ayni paytda hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80%ni tashkil etadi. Xalqaro tashkilotlar tomonidan 20% holatlarda dorilarni Respublikaga olib kirilishi va kasallik aniqlanishi bilanoq, barcha bemorlarga dori vositalarini berib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Hozir onadan bolaga OIV infeksiyasini yuqishi oldini olish maqsadida har yiliga 600 nafar onalari shu kasallikka chalingan bolalarga quruq sut mahsulotlari olib berilmoqda.

Bundan tashqari 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar berib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun «95−95−95» strategiyasi olg‘a surilgan, uning doirasida OIV infeksiyali shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishlari, 95 foizi maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishlari va 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish maqsadi belgilanganligini aytib o‘tdi.

Joriy yilda «Aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023−2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlari dasturi»ni amalga oshirish maqsadida 120 mlrd so‘m va 54 mln dollar yo‘naltirilgan.