«Gazeta.uz» 29 yanvar kuni Nukusdagi ko‘p qavatli uyda gaz portlashi oqibatida halok bo‘lgan 5 kishidan yana birining shaxsiga aniqlik kiritdi.

Marhuma, 1961 yilda tug‘ilgan Utambetova Nurzada Djamalovna portlash vaqtida — 37-xonadonda bo‘lgan. Qutqaruvchilar uning jasadini 30 yanvar kuni 05:28 larda topishgan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Qoraqalpog‘iston hududiy filiali ma’lumotiga ko‘ra, u ko‘p yillar mobaynida korxonada mehnat faoliyatini olib borgan va nafaqaga chiqqan.

Qoraqalpog‘iston FVV matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari yakuniga yetdi. Hozirda portlash sodir bo‘lgan ko‘p qavatli uy buzib tashlanmoqda.

gaz portlashi, нuрзада uтамbетоva

Portlash oqibatida qulab tushgan uyning ichki tomondan ko‘rinishi. Foto: Kruz.uz.

Avvalroq «Gazeta.uz» qutqaruv ishlari davomida Nukusdagi uy vayronalari ostidan jasadi topilgan, portlash sodir bo‘lganda pastki qavatdagi kvartirada istiqomat qilgan — Salamat Raziyev haqida ham ma’lumot bergandi. Salamat Raziyev nogiron bo‘lib, 10 yildan ortiq vaqt davomida davolanib kelayotgan bo‘lgan. Shanba kuni u kasalxonadan uyiga qaytgan. Bu portlash sodir bo‘lishidan bir soat oldin ro‘y bergan.

Voqeadan keyin telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani uchun yaqinlari uni tom qulashi oqibatida vafot etgan deb taxmin qilgan.

«U yerda omon qolishning imkoni deyarli yo‘q edi. Hamma qavatlar pastga qulab tushgan», — dedi Salamat Raziyevning qarindoshi. Dafn marosimi seshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq qutqaruvchilar vayronalar ostidan 5 yoshli qizni olib chiqqani, u tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida yozgan edik. Bir kun avval esa ikki kishi kuyish jarohati olgani xabar qilingandi.

Respublika prokuraturasiga ko‘ra, holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda aybdor shaxslar doirasini aniqlash, ularni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi hal etilmoqda.