O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli qarorlar bilan raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosarlarini tayinladi. Bu haqda prezident Administratsiyasiga yaqin deb hisoblanadigan «Nigoh» Telegram-kanali ma’lum qildi.

E’lon qilingan ma’muriy islohotlar doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi negizida Raqamli texnologiyalar vazirligi tashkil etilgan edi. Vazirlikka Sherzod Shermatov rahbarlik qilmoqda.

Oleg Pekos. Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligiOleg Pekos. Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Oleg Andreyevich Pekos raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U 2020 yil iyunidan beri axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Oleg Pekos (1988 yilda tug‘ilgan) Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat universitetining Axborot tizimlari va texnologiyalari fakultetini tamomlagan. Bungacha «O‘zbektelekom» kompaniyasining «Telekommunikatsiya transport tarmog‘i» filiali direktori lavozimida ishlagan. Avvallari «O‘zbektelekom» tizimida turli rahbar lavozimlarda faoliyat olib borgan.

Jamol Maxsudov.Jamol Maxsudov.

AKT vazirligida 2020 yil iyunidan beri ishlab kelayotgan Jamol Tilloyevich Maxsudov (1972 yilda tug‘ilgan) raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi.

U Toshkent elektrotexnika aloqa institutini «Elektroaloqa muhandisi» yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2018−2020 yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasida istiqbolli rivojlanish va innovatsiyalar bo‘yicha direktor lavozimida, 2017 yilda esa ma’lum vaqt AKT vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Rustam Karimjonov.Rustam Karimjonov.

Rustam Olimjon o‘g‘li Karimjonov ham raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U 2020 yil iyunidan beri O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.

U 2009 yili Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini hamda 2011 yili Janubiy Koreyadagi Solbrij Xalqaro biznes maktabini tamomlagan. Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar, texnologiyalar va strategiyalar markaziga direktorlik qilgan.

Shuhrat Kadirov.Shuhrat Kadirov.

Shuhrat Munavvarovich Kadirov (1976 yilda tug‘ilgan) Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori lavozimini o‘zida saqlab qoldi. U 2020 yildan beri «O‘zbekkosmos»ga rahbarlik qilib kelmoqda.

U 1998 yili Toshkent elektrotexnika aloqa institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1998 yili «O‘zbektelekom»ning Toshkent xalqaro elektroaloqa markazida marketing bo‘yicha menejer sifatida boshlagan. «O‘zbektelekom» (2017−2018) va boshqa bir qator xususiy kompaniyalarni boshqargan.

A’zam Abdullayev.A’zam Abdullayev.

A’zam Abdushukurovich Abdullayev (1983 yilda tug‘ilgan) Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U 2022 yil aprelida «O‘zkomnazorat» rahbariga aylangan edi.

Abdullayev Toshkent davlat texnika universiteti (bakalavriat)ni, 2007 yili esa Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (magistratura)ni bitirgan. «O‘zkomnazorat» rahbarligiga kelguniga qadar «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi boshqaruvi raisining axborot texnologiyalari va mahalliylashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Doniyor To‘xtasinovich Rustamov va Jamshid Sharifjonovich Egamberdiyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etilgan.