Rossiyaning Sochi shahridan Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yildi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports.

Qayd etilishicha, 30 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:40 da Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasining Sochidan uchgan samolyoti Buxoro xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, ekipaj va yo‘lovchilar karnay va suray sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi.

Sochi — Buxoro — Sochi yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslar Sukhoi Superjet 95 samolyotida haftada bir marta — yakshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Azimut» aviakompaniyasi Mineralniye Vodidan Toshkent, Samarqand, Qarshi, Navoiy, Urganch, Buxoro xalqaro aeroportlariga, Farg‘ona va Namanganga esa charter reyslarini amalga oshiradi. Bundan tashqari, Rossiya aviatashuvchisi Toshkent va Samarqandni Moskvaga muntazam qatnovlar bilan bog‘lagan.

«Azimut» — Rostov-na-Donu va Krasnodarda joylashgan Rossiya aviakompaniyasi.