Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva hibsga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga uning qizi Zarina Mirzayeva xabar berdi.

Uning so‘zlariga, juma kuni ertalab onasi uydan ishga ketayotgan vaqtida yo‘lda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari Mavjuda Mirzayeva o‘tirgan mashinani to‘xtatib, uni olib ketishgan.

«Uch kundan beri onamning telefoni o‘chiq, oldiga kiritishmayapti, hatto uchrashishga ruxsat ham berilmayapti. Advokat ham bu yerga kelmayapti, „Tergovchi telefonini ko‘tarmayapti, men baribir kirolmayman“, degan fikrni aytyapti advokat. Onamni nega bu yerga olib kelishgani va nima sababdan ushlab turilganini bilmayman. Bu haqda hech kim aniq javob aytmayapti. Onamning hozirgi ahvolidan qattiq xavotirdaman», — dedi Zarina Mirzayeva.

Uning qayd etishicha, Mavjuda Mirzayeva hozirda DXX hibsxonasida qolmoqda.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Mavjuda Mirzayeva «Kompromat ishi» doirasida hibsga olingan. U ayni paytda DXX tergov hibsxonasida tergov qilinmoqda. Unga nisbatan 10 kunlik hibs bo‘yicha sud sanksiyasi ham bor.

Ma’lumot uchun, Mavjuda Mirzayeva ilgari Yoshlar va O’zbekiston24 davlat telekanallarida jurnalist bo‘lib ishlagan. Shuningdek, Human.uz internet nashri hamda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatida ham faoliyat yuritgan.

27 yanvar kuni Human.uz nashri direktori Xurshid Daliyev (shuningdek Muxbir Daliyev blogi muallifi) va bosh muharriri Muslim Mirzajonov o‘zini «organ xodimlari» deb tanishtirgan shaxslar tomonidan qo‘lga olingan edi. Ta’kidlanishicha, «organ xodimlari» jurnalistlarni Toshkent davlat agrar universiteti binosida joylashgan ofisdan olib ketishgan.

DXXning ma’lum qilishicha, Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va Kompromatuzb Telegram- kanaliga aloqadorligi aytilayotgan boshqa shaxslarga nisbatan tovlamachilik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.