Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi Human Rights Watch tashkilotining 2022 yilgi hisoboti bo‘yicha munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilot 2022 yilgi hisobotida 1−2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan namoyishlarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari namoyishchilarni tarqatish maqsadida haddan tashqari kuch ishlatgani oqibatida ko‘plab fuqarolar og‘ir tan jarohati olgani va ba’zilari vafot etgani aytilgan. Shuningdek, namoyishlarda 500 dan ortiq shaxs hibsga olinib, bu axborot tayyorlanayotganda ularning qanchasi hibsda saqlanayotgani noma’lum ekani ta’kidlab o‘tilgan.

Komissiyaning bu hisobotga javoban bildirishicha, 2022 yilning 12 dekabr kuni Bosh prokuraturaga so‘rov yuborilgan, masalaga oydinlik kiritilgan va o‘sha paytda mazkur ish yuzasidan 39 nafar shaxs qamoqda saqlanayotgani jamoatchilikka ma’lum qilingan.

Shuningdek, namoyishlarni bostirish va qamoqda saqlash vaqtida qo‘lga olinganlarga nisbatan qiynoq holatlarining qo‘llanilgani masalasi komissiya a’zolari tomonidan o‘rganilgan. Shunga ko‘ra, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar va ma’muriy javobgarlikka tortilgan va qo‘yib yuborilganlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar tahliliga ko‘ra, ruhiy va jismoniy qiynoq holatlari xususida biror bir ma’lumot aniqlanmagan.

Bundan tashqari, Dauletmurat Tajimuratov bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida u saqlash joyi va sharoiti, qiynoq hamda ruhiy bosimlar bo‘lmagani xususida ma’lum qilgandi. Lekin sud jarayonida u aynan ushlash vaqtida unga tan jarohat yetkazilganini bildirib o‘tgan.

Human Rights Watch tashkilotining 2022 yilgi hisobotida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan namoyishlar bo‘yicha mustaqil o‘rganish ishlarini olib borayotgan komissiya tarkibi uni haqiqatan ham mustaqil deb tan olinishiga imkon bermasligi qayd etilgan. Lekin bu fikr asoslantirilib berilmagan. Ushbu inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotning aynan qaysi komissiya a’zolariga nisbatan ishonchsiz kayfiyatda ekani ochiqlanmagan, — deyiladi munosabatda.

Komissiya, shu o‘rinda, a’zolar qadr-qimmati kamsitilishiga va hurmatsizlantirilishiga olib keluvchi xulosa umume’tirof etilgan xalqaro normalarga zid ekani va komissiyaning yakuniy xulosasi hali e’lon qilinmaganini keltirib o‘tdi.

Demak, xulosa chiqarishga hali erta, — deydi komissiya.

Avalroq Human Rights Watch O‘zbekistonni Nukus voqealarida bo‘lgani kabi o‘lim va og‘ir jarohatlarning oldini olish maqsadida olomonni nazorat qilish uchun shovqin va tutun chiqaruvchi granatalar qo‘llanish tartibini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga va ularni IIO xodimlari jihozlari qatoridan chetlashtirishga chaqirgandi.