24 yanvar kuni Ispaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Hermitage Group sayyohlik kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Visente Kaseyro bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Uchrashuv davomida Visente Kaseyro turizm sohasida hamkorlik qilish istagi borligini aytdi. Xususan, o‘tgan yil noyabr oyida tashkilgan etilgan «Xalqaro turizm haftaligi»da ishtirok etgani va ushbu tadbir doirasida hamkorlik masalalari muhokama qilinganini qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ispaniyalik rassom Pablo Pikasso qalamiga mansub ijod namunalari ko‘rgazmasini joriy yil O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, Hermitage Group kompaniyasi turizm va mehmonxona biznesidagi PR va marketing yo‘nalishida ko‘p yillik tajribaga ega. Kompaniyaning asosiy vazifalari turizm mahsulotlarini, sayyohlik yo‘nalishlari, mehmonxonalar, aviatashuvchilar, viloyatlar, shaharlar va sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishdan iborat.

Bugungi kunda kompaniya o‘z xizmatlarini Yevropa va MDH mamlakatlari bozorlarida taqdim etmoqda.