Ijtimoiy tarmoqlarda «Kelesdagi masjid imomi Avazxo‘ja Bahromov arab tilini o‘rganayotgan 16 yoshli qizchalar bilan qanday gaplashmoqda?» nomli audio yozuv tarqaldi. Unda masjid imomi ekanligi aytilgan Avazxo‘ja Bahromovning yosh qizga nisbatan bir qancha odamlar ichida tahdid ohangida aytgan gaplarini eshitish mumkin.

«Senga kim qo‘yibdi qaysi ustoz qaysi ustozdan kuchliligini? Tonadigan bo‘lsang, basharangni oldiga olib kelib qo‘yaman kimga gapirganingni. Senga kim qo‘yibdi? Birovning o‘quv markazida kim nima qildi, seni ishingmi shu? Men senga ro‘baro qilib qo‘yaman kim gapirganini? Kecha ro‘paramga kelganingda boshingni akvariumga tiqmoqchi edim, kecha jahlim chiqib kelgandim. O‘zimni sal bosvoldim bugun. So‘yib tashlayman men seni, yuragingni sug‘irib, qo‘lingga olib beraman, tushundingmi?» — degan u.

Salkam 4 daqiqali audio yozuvda imom-xatib adminstrator qizga bir necha marta «yuragini sug‘irib olishini» takrorlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur audio bo‘yicha Musulmonlar idorasi munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi «Eshonxo‘ja ota» masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromovning arab tili kursidagi xatti-harakatlari 28 yanvar kuni Musulmonlar idorasi Ichki nazorat komissiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.

«️Yig‘ilishda imom-xatibning mazkur holati imomlik maqomiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga alohida urg‘u qaratildi. Ayniqsa, ichki me’yoriy hujjatlarda belgilangan „fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish“, va „o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rish“ degan bandlarning A.Bahromov tomonidan qo‘pol ravishda buzilishi, deb baholandi. Shuningdek, A.Bahromov arab tili o‘quv kurslarida dars berishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagani ham alohida qayd etildi», — deyiladi axborotda.

Qayd etilishicha, Musulmonlar idorasi diniy soha xodimlarining jamiyatda o‘zini tutishi, odamlar bilan munosabatda namuna ko‘rsatishi, imomlik maqomiga munosib bo‘lishi borasida muntazam tushuntirish ishlarini olib boradi. Shuningdek, idora tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan normativ hujjatlarda ham imom-xatib tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarga amal qilishi va mehnat majburiyatlariga rioya etishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

«Afsuski, Avazxo‘ja Bahromov mazkur xatti-harakati bilan me’yoriy hujjatlar talablarini qo‘pol ravishda buzib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo‘nalishdagi buyruqlari, ichki tartib-qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga rioya etmagani ma’lum bo‘ldi», — deyiladi idora bayonotida.

Ma’lum qilinishicha, Ichki nazorat komissiyasi Avazxo‘ja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qilgan. Shuningdek, bunday shaxslarga Musulmonlar idorasi tizimida o‘rin yo‘qligi ta’kidlangan.

«Ayni kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Avazxo‘ja Bahromovning mazkur xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib borayotganini ma’lum qilamiz», — deyiladi axborotda.

Avvalroq Toshkentning Uchtepa tumanidagi «Aziz ota» jome masjidi imom noibi Vohidov Mirsobit ijtimoiy tarmoq orqali «samosud»ni yoqlab chiqish qilgani uchun ishdan olingan edi. O‘shanda Musulmonlar idorasi amaldagi qonunlarga zid ravishda zo‘ravonlikka chaqiruvchi bu kabi chiqishlarni qoralagandi.