O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev (11−1, 9 KO) yakshanba kuni Inglvuddagi (Kaliforniya, AQSh) YouTube Theater shousida g‘olib chiqdi.

Supero‘rta vaznda (76,2 kg gacha) unga 34 yoshli amerikalik Ulises Siyerra (17−3−2, 10 KO) raqiblik qildi.

26 yoshli o‘zbekistonlik birinchi daqiqalardanoq raqibidan ustunlik kelib, uni himoyalanishga majbur qildi. Nihoyat uchinchi raundda Meliqo‘ziyev Siyerrani nokautga uchratdi. Raqib jangni davom ettirmoqchi bo‘ldi, biroq aniq zarbadan keyin yana yiqildi. Hakam amerikalik jangni davom ettira olmasligiga ko‘zi yetib, jangni to‘xtatishga qaror qildi.

2016 yilgi Olimpiada kumush medali sovrindori 2021 yil iyunida Gabriyel Rosadoga nokaut evaziga mag‘lub bo‘lgach, qatorasiga to‘rtinchi jangida g‘alaba qozondi. O‘zbekistonlik raqibini bir necha bor revanshga chaqirgan.