26 yanvardan Farg‘ona-Quvasoy-Qizil-qiya xalqaro yo‘nalishida mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

2020 yilgacha mavjud bo‘lgan mazkur qatnov pandemiya davri cheklovlarida to‘xtab qolgan edi. Qirg‘iziston tomonidan Qizil-qiya yo‘lovchi tashish kompaniyasi, O‘zbekiston tomonidan esa Daewoo Trans Servis MCHJ xizmat ko‘rsatuvchi yo‘nalish umumiy masofasi 39,5 kilometrni tashkil etib, yo‘lkira narxi 12 ming so‘m etib belgilandi.

«Farg‘ona va Qirg‘izistonning Batken viloyatidagi Qizil-qiya shahri o‘rtasida amalga oshiriladigan mazkur qatnov ikki chegaradosh viloyat o‘rtasidagi bordi-keldi uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Mikroavtobuslar Qizil-qiya va Farg‘onadan tonggi soat 7:20 da harakat boshlashi nazarda tutilgan. Kelgusida aholi talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda qatnovlarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.