Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar kengashi deputatligi muddatidan oldin tugatildi. Tegishli qaror 27 yanvar kuni shahar kengashi tomonidan qabul qilingan. «Gazeta.uz» manbalari xabar berishicha, sobiq hokimning o‘zi vakolatini tugatishni so‘rab ariza yozgan.

Qonunchilikka ko‘ra, senator va kengash deputati vakolat muddati davomida daxlsizlik huquqiga ega.

Jahongir Ortiqxo‘jayev 2020 yil yanvar oyida O‘zLiDeP partiyasidan 48-saylov okrugidan Kengash deputati, so‘ngra besh yillik muddatga senator etib saylangan edi. Uning vakolat muddati 2025 yilning yanvarigacha hisoblangan.

Qonunga muvofiq, deputatning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatiladi:

  • u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda;
  • u qonunga ko‘ra deputatlik, senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq bo‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
  • unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
  • u chaqirib olingan taqdirda;
  • sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan taqdirda;
  • u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda;
  • u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;
  • u vafot etgan taqdirda;
  • palata tarqatib yuborilgan taqdirda.

Alohida hollarda deputatning vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashining qarori bilan muddatidan oldin tugatilishi mumkin. Bunday masalani ko‘rib chiqish uchun deputatning yuqori martabasini obro‘sizlantiradigan xatti-harakatlar asos bo‘lishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, sobiq hokimning o‘zi deputatlik vakolatlarini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokimning iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. «Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — dedi davlat rahbari.