2023 yil yakunida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 4,5−5 foizga va yillik inflyatsiya 8,5−9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruv yig‘ilishi qarori bo‘yicha press-relizda keltirilgan.

Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlariga ko‘ra, I chorakda YAIM o‘sishining ma’lum darajada sekinlashishi bo‘yicha ehtimollik yuqori ekani qayd etildi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bir tomondan bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar darajasi, ikkinchi tomondan, tashqi iqtisodiy sharoitlar va taklif omillaridagi xatarlar pul-kredit siyosati ta’sir doirasini qisqartirishi mumkin.

«Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini sinchkovlik bilan baholashda davom etadi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar talab va taklif mutanosibligini ta’minlash hamda inflyatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishiga va 5 foizlik o‘rta muddatli targetiga erishishiga qaratiladi», — deyiladi xabarda.

Zarur hollarda inflyatsiyaning nomonetar omillarini kamaytirish, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlarni bartaraf etish va zaruriy taklif hajmlarini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Avvalroq 2022 yildagi iqtisodiy vaziyat tahlili haqida xabar berilib, unda Markaziy bank so‘nggi choraklarda barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish dinamikasi kuzatilganini ma’lum qilgandi.