26 yanvarda Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, iqtisodiyotda yalpi talabga ichki va tashqi omillarning rag‘batlantiruvchi ta’siri saqlanib qolmoqda. Tashqi inflyatsiya va iqtisodiyotdagi daromadlarning o‘sishi bazaviy inflyatsiyaning co‘nggi oylarda yuqori shakllanishiga sabab bo‘ldi.

«Asosiy stavkaning joriy darajasi iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish uchun yetarli, deb baholanmoqda. Iqtisodiy vaziyatning rivojlanib borishi va fiskal siyosat xususiyatidan kelib chiqib, kelgusi choraklarda talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurati yuzaga kelishi mumkin», — deyiladi MB ma’lumotida.

So‘nggi choraklarda barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Markazlashgan investitsiyalarning muvozanatlashuvi sharoitida yalpi iste’molning o‘sishi talabni shakllantiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi. 2022 yil yakuni bo‘yicha YAIM o‘sishi Markaziy bankning oktabr oyidagi prognozlariga mos bo‘lib, 5,7 foizni tashkil etdi.

«Joriy yilda fiskal rag‘batlantirishlarning nisbatan muvozanatlashuvi kutiliyotgan bo‘lsa-da, o‘tgan 3 yilda kuzatilgan yuqori fiskal defitsitning yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirlari saqlanib qolmoqda. Mehnat bozoridagi barqarorlikning saqlanib qolishi, mehnat haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining yuqori hajmlari uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va ko‘chmas mulklarga bo‘lgan talabni o‘sishiga va, o‘z navbatida, ushbu bozorlarda narxlarni oshishiga olib kelmoqda», — deyiladi bayonotda.

Umuman olganda, joriy va kelgusi choraklarda iqtisodiyotda ijobiy tendensiyalarning shakllanishi taklif omillarini muvozanatlashishiga bog‘liq bo‘ladi, deya qayd etdi regulyator. Anomal ob-havo sharoitlari tufayli taklif bilan bog‘liq qisqa muddatli xatarlar yuzaga kelishi ayrim turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlariga ta’sir ko‘rsatadi.

«2022 yil davomida iqtisodiyot tashqi sharoitlarning o‘zgarishiga moslashib bordi. Tashqi iqtisodiy xatarlarning ta’siri qisqa muddatli va dastlabki baholashlarga nisbatan pastroq bo‘lishi hisobiga eksport va transchegaraviy pul o‘tkazmalardan valyuta tushumlarining o‘sishi kuzatildi», — deyiladi MB xabarida.

Jahon bozorlaridagi narxlar dinamikasi bo‘yicha ijobiy kutilmalar shakllangan bo‘lsa-da, global iqtisodiy faollik va asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotlari o‘sishi bo‘yicha prognozlar pasayishining salbiy ta’siri bilan bog‘liq yuqori noaniqlik va xatarlar saqlanib qolmoqda.

2022 yilda iste’mol tovarlari narxlarining barcha guruhlarida keng qamrovli o‘sish kuzatildi va bu umumiy yillik inflyatsiya darajasining 12,3 foizgacha tezlashishida o‘z aksini topdi.

«So‘nggi yarim yillikda bazaviy inflyatsiyada ham barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatildi va yillik 13,8 foizga yetdi, — deya ta’kidladi MB. — Bu ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksining nisbatan yuqori dinamikasi bilan birga kelgusida inflyatsion bosimlarning yanada ortishi ehtimoli bo‘yicha signal bermoqda. Oxirgi uch oydagi inflyatsion kutilmalardagi o‘sish dinamikasi kelgusida inflyatsion xatarlar yuzaga kelishi ehtimollarini oshirgan».

Jahon iqtisodiyotining o‘zgarishlarga moslashuvi hamda markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, global inflyatsion jarayonlarning yanada kuchsizlanishi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining birja narxlarining nisbatan pasayishi bo‘yicha ehtimollikni oshirmoqda. Ushbu omillar valyuta kursining nisbatan barqaror dinamikasi bilan birgalikda inflyatsion jarayonlarga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

«Yilning ikkinchi yarmidan boshlab milliy valyutadagi kreditlar hajmining ortishi hisobiga iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘sish sur’ati biroz tezlashdi. Shu bilan birga, kredit portfeli tarkibida aholiga ajratilgan chakana kreditlarning yuqori sur’atlarda o‘sish tendensiyalari davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Regulyatorning hisobiga ko‘ra, ijobiy real foiz stavkalari ta’sirida banklarda depozitlar hajmi, ayniqsa aholi omonatlari yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda.

Umuman olganda, o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiyotni moliyalashtirish jarayonlarida tarkibiy o‘zgarishlar kuzatilib, banklar ko‘proq ichki resurslardan foydalangan holda faoliyat yuritishga o‘tishi tezlashdi. Bu, o‘z navbatida, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni samarali mobilizatsiya qilinishi bilan birgalikda iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qildi. Bu jarayon joriy yilda ham davom etilishi kutilmoqda.

Makroiqtisodiy rivojlanishning prognozlariga ko‘ra, I chorakda YAIM o‘sishining ma’lum darajada sekinlashishi bo‘yicha ehtimollik yuqori va 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5−5 foizga o‘sishi va yillik inflyatsiyaning 8,5−9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

«Ayni paytda, bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar darajasi, ikkinchi tomondan, tashqi iqtisodiy sharoitlar va taklif omillaridagi xatarlar pul-kredit siyosati ta’sir doirasini qisqartirishi mumkin», — deya qayd etdi MB.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini sinchkovlik bilan baholashda davom etadi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar talab va taklif mutanosibligini ta’minlash hamda inflyatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishiga va 5 foizlik o‘rta muddatli targetiga erishishiga qaratiladi.

Zarur hollarda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda inflyatsiyaning nomonetar omillarini kamaytirish, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlarni bartaraf etish va zaruriy taklif hajmlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi, deyiladi bayonotda.

MB Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 16 mart kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, asosiy stavka 15% etib iyul oyida belgilangandi, 9 iyun kuni 1 foiz bandga pasayib, yillik 16 foiz darajasida belgilagandi. Mart oyida esa 2018 yildan beri birinchi marta 3 foizga — 14 foizdan 17 foizgacha ko‘tarilgandi.