Bukhara News axborot resursi tomonidan ma’lumotlarning haqqoniyligi o‘rganilmasdan videomurojaat e’lon qilingani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Buxoro viloyati prokuraturasi axborot xizmati ma’lumot berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi viloyatda bir kunning o‘zida «Sinepar» siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani aytilgan xabarlarni rad etgandi.

Bu ma’lumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga zid. O‘rganishlar davomida viloyatdagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday o‘lim holati kuzatilmadi, deyilgandi bayonotda.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar tarqatilgani holati bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 244 1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12 1- moddasida axborot resursining egasi, shu jumladan, blogerlar uchun o‘z veb saytiga va (yoki) veb sayt sahifasiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirish majburiyati bor.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borish viloyat IIBga yuklatildi. Tergov jarayoni to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.