Bosh prokuratura matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada erkak homilador ayolini mashinaga solib yoqib yuborgani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 24 yanvar kuni soat taxminan 19:00 da fuqaro M.U. Matiz avtomashinasi boshqaruvida homilador turmush o‘rtog‘i (shar’iy nikoh asosida) — 1987 yilda tug‘ilgan M.X.ni shifoxonadan yashash xonadoniga olib ketayotgan vaqtida turmush o‘rtog‘i uni rashk qilib, og‘zaki janjallashgan.

M.U. turmush o‘rtog‘i bilan gaplashib olish maqsadida avtomashinani Farg‘ona shahridagi «Neftchi» stadioni ro‘parasida to‘xtatgan.

«Shu vaqtda avtomashina orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan M.X. (ayol) o‘zi bilan uyidan olib chiqqan plastmassa idishdagi benzin yonilg‘isini dastlab turmush o‘rtog‘i M.U., keyinchalik esa o‘zi va avtomashina saloni ichiga sepib, yoqmoqchi bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘ining ushbu harakatidan qo‘rqib ketgan M.U. avtomashinadan tushib, tashqariga qochgan vaqtda M.X. yondirgich (zajigalka) bilan o‘zini va avtomashinani yoqib yuborgan», — deyiladi xabarda.

Chaqiruvga asosan hodisa joyiga yetib kelgan Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan yong‘in o‘chirilib, tez-tibbiy yordam bo‘limi xodimlari tomonidan avtomashina salonida bo‘lgan marhuma M.X.ning yong‘in vaqtida tug‘ilgan o‘g‘il chaqalog‘ining hayoti saqlab qolingan.

Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan, chaqaloq shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi «b» bandi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.