Havo harorati keskin tushib ketishi ortidan respublikaning bir qator hududlaridagi yirik daryolar, ko‘llar, hattoki sharsharalar muzlashi kuzatildi. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholiga murojaat qilib, ularni ogohlikka chaqirdi.

Unga ko‘ra, ushbu hududlarda aholi, ayniqsa, yosh bolalar ko‘ngil ochish maqsadida konki va chanalarda uchmoqda.

So‘nggi kunlarda havo harorati anchayin iliqlashgan bo‘lsa-da, ko‘llarni qoplagan muzlar erib ketgani yo‘q. Respublika hududlaridagi ko‘llarning muz qoplamalari qalin bo‘lmagani sababli yorilish ehtimoli yuqori. Bu esa muz ustida uchayotganlar hayoti uchun xavfli hisoblanadi, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shu munosabat bilan aholi ko‘llar ustidagi muzlarda uchmaslikka chaqirildi.

Avvalroq «Gazeta.uz» anomal sovuq kunlarda muzlab qolgan suv havzalari, ko‘l va sharsharalar tasvirlarini bir joyga jamlagandi.