Vazirlar Mahkamasining 20 yanvar kuni «Toshkent shahri aholisini qo‘shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat Shavkat Mirziyoyevning Uchtepa tumaniga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan qabul qilingani qayd etilgan.

Qarorga ko‘ra, 11 ta tumandagi issiqlik tarmoqlarining so‘nggi qismlarida joylashgan ko‘p kvartirali uy-joylarni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida tajriba tariqasida kogeneratsiya hamda gaz dvigateli bilan elektr energiya ishlab chiqaruvchi uskunalar o‘rnatiladi.

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali bir hafta muddatda uskunalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan aloqa o‘rnatilib, tayyor uskunalarni qisqa muddatlarda yetkazib berish hamda o‘rnatish, shu jumladan, texnik ta’minlash bo‘yicha tijorat takliflari tayyorlanadi.

Uskunalarni xarid qilish va ishga tushirish hamda zaruratga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarning ichki va uskunalargacha bo‘lgan issiqlik tarmoqlari va elektr tizimini yangilash (kurish yoki rekonstruksiya qilish) ishlarini amalga oshirishda buyurtmachi etib «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ belgilandi.

Buyurtmachiga, istisno tariqasida, tender savdolarini hamda Iktisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda ekspertizadan o‘tkazmasdan va davlat xaridlarini amalga oshirish to‘g‘risida maxsus axborot portaliga e’lon joylashtirmasdan eng yaxshi taklifni tanlab olish asosida:

  • uskunalarni xarid qilishga;
  • uskunalarni o‘rnatish va ishga tushirish hamda zaruratga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarning ichki va uskunalargacha bo‘lgan issiqlik tarmoqlari va elektr tizimini yangilash (qurish yoki rekonstruksiya qilish) ishlarini amalga oshirish uchun pudratchilarni aniqlashga ruxsat berildi.

Uskunalarni xarid qilish Toshkent shahar budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi.

Uskunalar o‘rnatish uchun 11 ta mahalla tanlab olingan bo‘lib, ulardagi 236 ta uy, 5 ta maktab va 13 ta bolalar bog‘chasi qo‘shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.