O‘zbekiston aholisining 20 yanvardan 30 aprelga qadar tibbiy me’yorlar bo‘yicha piyozga bo‘lgan iste’mol talabi o‘rtacha 346 ming tonnani tashkil etadi va bu vaqt davomida mahsulot eksporti vaqtincha cheklandi, deb xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida uzilishlar yuzaga kelishi oqibatida ayrim dehqon bozorlarida xaridorlar tomonidan mazkur mahsulot narxining oshishi borasida salbiy fikrlar tarqalmoqda. Holat esa bu turdagi mahsulot narxiga ham ta’sir qilishi mumkin. Xususan, bugungi kunda respublika dehqon bozorlarida piyozning o‘rtacha chakana narxi 6000−8000 so‘m, ulgurji narxi o‘rtacha 5500−6500 so‘mni tashkil etgan.

Vazirlikning bildirishicha, buning asosiy sababi sifatida 9 yanvardan 17 yanvargacha bo‘lgan keskin sovuq (o‘rtacha -13 darajadan -22 daraja) sababli yonilg‘i-energetika sohasida vujudga kelgan muammolar va mahsulotni tashish logistikasi tizimida yuzaga kelgan uzilishlarni ko‘rsatish mumkin.

Sovuq oqibatida bozorlarda ayrim ochiq rastalarda saqlangan piyozlar muzlab qolgan (muzlash harorati -5 daraja) hamda noqulay ob-havo sharoiti sabab taklif hajmi pasaygan.

Ichki iste’mol bozor narxini arzonlashtirish, aholining iste’mol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda 2023 yilning 1 yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatildi.

Hozirda hududlarda zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlandi. Bu esa joylarda piyoz zaxirasi mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, aholining iste’mol talabi doirasida mavjud zaxiraga qo‘shimcha 26,5 ming tonna piyoz kerak. Ushbu mahsulotlarni import qilish bo‘yicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryoda ekilgan ertapishar urug‘ rejadagidek unib, hosil bersa, bu boradagi taqchillik yuzaga kelmasligi va aholi talabi to‘liq qoplanishi bo‘yicha hisob-kitoblar mavjud.