O‘zbekiston prezidentining 20 yanvardagi 2023−2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, 2023 yildan boshlab har yili o‘pka kasalliklarining oldini olish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.

Unga muvofiq, 2023 yildan boshlab har yili:

  • latent tuberkulyoz infeksiyasiga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha;
  • latent tuberkulyoz infeksiyasiga chalingan shaxslarni davolash qamrovi 21 ming nafargacha;
  • tuberkulyoz mikobakteriyasini bir vaqtning o‘zida 1- va 2-qator tuberkulyozga qarshi dori vositalariga rezistentlikni aniqlaydigan tezkor gen-molekulyar tashxislash qamrovi 120 ming nafargacha;
  • tuberkulyoz bilan kasallangan 18 ming nafargacha bemorlarni dori vositalari bilan ta’minlash, shu jumladan, 1-qator (doriga sezuvchan tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) bo‘yicha — 15 ming nafargacha; 2- va 3-qatorlar (doriga rezistent tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) bo‘yicha — 3 ming nafargacha yetkaziladi.

2023 yil 1 martga qadar tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi orasidan tuberkulyoz bilan kasallanishga moyilligi bo‘lgan xavf guruhiga mansub shaxslar ro‘yxati tuziladi. Tibbiyot birlashmasi mutaxassislari tomonidan tuberkulyoz bilan kasallanish xavf guruhiga mansub shaxslar (o‘smirlar va kattalar) rentgenologik tekshiruvdan, bolalar immunologik tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish muassasalari va qorovul qo‘shinlarining xodimlarida latent tuberkulyoz infeksiyasini erta aniqlash maqsadida yillik profilaktik tibbiy ko‘riklar doirasida tegishli skrining tadbirlari o‘tkaziladi. Latent tuberkulyoz infeksiyali shaxslarda diagnostika jarayonini yaxshilashda xavf guruhlarini skrining qilish uchun test-diagnostikumlar xarid qilinadi.

«O‘pka salomatligi» mobil brigadasi doirasida hududlardagi olis, chekka, ekologik jihatdan noqulay hududlarda yashovchi aholiga bepul tibbiy ko‘rik tashkil etiladi.

Bundan tashqari, tungi uyqu sifati va nafas olish funksiyasi buzilishlarini tashxislash va davolash maqsadida «Uyqu apnoe» markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2022 yil oktabr oyidagi ma’lumotga ko‘ra, jahon miqyosida dorilarga moslashuvchan sil bilan kasallangan bemorlarning davolash samaradorligi 85 foiz, O‘zbekistonda esa 91 foizga teng. SSVning ma’lum qilishicha, mamlakatda xavf guruhiga kiruvchi aholi orasida kasallanish 2 marta, xastalik tufayli o‘lim holatlari 6 martaga kamaygan.