23 yanvardan e’tiboran barcha oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun dars mashg‘ulotlari an’anaviy tarzda boshlanadi, deb xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, nazorat ishlari (oraliq, yakuniy) ta’lim muassasalari tomonidan belgilanadigan shakllarda moslashtirilgan o‘quv grafiklariga muvofiq amalga oshiriladi.

Talaba-o‘quvchilarning o‘z ta’lim muassasalariga qaytishi uchun avia hamda temiryo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 23 yanvarga qadar uzaytirilgan.

Ta’lim muassasalarida ta’til 9 yanvargacha davom etishi, o‘qish 10 yanvarda boshlanishi kerak edi, ammo anomal sovuq tufayli ta’til vaqti bir necha bor uzaytirilgan.