Ob-havo sharoiti hamda harakat yo‘nalishi bo‘ylab avtomobil yo‘llaridagi mavjud vaziyatdan kelib chiqib, 19 yanvardan O‘zbekistondan xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshiriluvchi muntazam avtobus qatnovlari qayta tiklandi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 19 yanvar, payshanba kuni «Toshkent» avtovokzalidan quyidagi xalqaro yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari amalga oshiriladi:

  • 12:00 — Toshkent-Moskva, chipta narxi 1011000 so‘m;
  • 16:00 — Toshkent-Olmaota, chipta narxi 200 000 so‘m;
  • 16:00 — Toshkent-Ostona, chipta narxi 361 000 so‘m;
  • 17:00 — Toshkent-Turkiston, chipta narxi 111 000 so‘m;
  • 18:00 — Toshkent-Qizilo‘rda, chipta narxi 161 000 so‘m;
  • 18:00 — Toshkent-Olmaota, chipta narxi 200 000 so‘m;
  • 18:00 — Toshkent-Bishkek, chipta narxi 261 000 so‘m.

Eslatib o‘tamiz, noqulay ob-havo sharoitini inobatga olib, yo‘lovchi tashuvlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekistondan xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshiriluvchi muntazam avtobus qatnovlari 13 yanvardan vaqtinchalik to‘xtatilgandi.

Xususan, Qozog‘istonning Aktobe viloyatida noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘lda qolib ketgan ikkita yo‘lovchi avtobusidan 69 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingan. Ular umumta’lim maktabi va masjidga vaqtincha joylashtirilgandi.

Bundan tashqari, Aktobe viloyatida avtobusda qolib ketgan yana 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilingan. Transport vositasining yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan.