18 yanvar, chorshanba kuni Sankt-Peterburgda Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Miller o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati.

Uchrashuvda, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi tabiiy gaz sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari muhokama qilindi.

«Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, xususan, Orenburg GESida qozoq gazini qayta ishlash, Rossiya gazini Qozog‘istonga yetkazib berish imkoniyatlari hamda istiqbolli hamkorlik loyihalarini belgilovchi „yo‘l xaritasi“ imzolandi», — deyiladi xabarda.

Hujjatning tafsilotlari keltirilmagan.

Uchrashuvda Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov, QazaqGaz milliy kompaniyasi boshqaruvi raisi Sanjar Jarkeshov ham ishtirok etdi.

Bir hafta oldin Roman Sklyar Rossiya Federatsiyasi hukumati rahbari o‘rinbosari Aleksandr Novak bilan uchrashgan edi.

Rossiya Federatsiyasi hukumati xabarida uchrashuv haqida quyidagicha bayon qilindi: «Roman Sklyar Qozog‘iston tomoni Rossiya bilan energetikaning barcha sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi. U Qozog‘istonning Rossiya bilan Qozog‘iston gaz transporti tizimini modernizatsiya qilish, mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlarini gazlashtirish, Rossiya energiya tashuvchilarini uchinchi davlatlarga tashish hajmini oshirishda hamkorlik qilishdan manfaatdorligini alohida qayd etdi».

Qozog‘iston-Rossiya gaz hamkorligi

Rossiyaning Neftegaz.ru nashri Sharqiy Qozog‘iston va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarini gazlashtirish Rossiya-Qozog‘iston munosabatlarining gaz sohasidagi asosiy jihat ekanini yozdi.

Qozog‘iston Energetika vazirligi mamlakat shimoli va sharqini gazlashtirishning ikkita variantini ko‘rib chiqmoqda — Rossiya manbalari va «Sariarqa» magistral gaz quvuri orqali.

«Bundan tashqari, bu variantlar bir-birini istisno qiluvchi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi sifatida baholanadi», — deyiladi nashrda.

Rossiya gazini yetkazib berish uchun quyidagi ikkita quvur yo‘nalishi o‘rganilmoqda:

  • Barnaul — Rubtsovsk — Semey — Ust-Kamenogorsk, uzunligi taxminan 1000 km bo‘lgan Pavlodar filiali orqali;
  • Ishim — Petropavlovsk — Kokshetau — Nur-Sulton, uzunligi taxminan 644 km.

«Gazprom» va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir yo‘nalishi — Orenburg gazni qayta ishlash zavodida Qozog‘istonning Karachaganak neft va gaz kondensat koni gazini qayta ishlash.

2022 yil iyun oyida tomonlar 2022−2023 yillarda Karachaganak neft-gaz kondensati konida gazni qayta ishlashni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishgandilar.

«Uch tomonlama gaz ittifoqi»

Noyabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga uch tomonlama gaz ittifoqini tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi. Rossiya tomoni bu taklif siyosiy shartlar evaziga gaz yetkazib berishni nazarda tutmasligini, gap tijoriy manfaatlarni muvofiqlashtirish haqida ketayotganini bildirdi.

«Gazeta.uz»ga turli manbalardan ma’lum bo‘lishicha, bu masala rossiyalik hamkorlar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar chog‘ida muhokama qilingan.

Dastlab, Rossiya tomoni Rossiyada ishlab chiqarilgan tabiiy gazni teskari tartibda, Qozog‘iston orqali «Markaziy Osiyo — Markaz» (CAC) quvuri orqali yetkazib berishni taklif qilgan.

Rossiya tomonining asosiy sharti O‘zbekiston gaz uzatish tizimini bozor qiymati bo‘yicha «Gazprom» tasarrufiga o‘tkazish edi. Bunday talablar ushbu shartlarga rozi bo‘lmagan «Qazaqgaz» milliy kompaniyasiga ham qo‘yilgan.

Rossiya tomoni ilgari surgan ikkinchi shartga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga gaz eksport qilish huquqidan voz kechishi kerak bo‘lgan. Ya’ni, «Gazprom» shartnomada O‘zbekistonning «UzGasTrade» kompaniyasi o‘rnid bo‘lishni taklif qilgan.

Dekabr oyida o‘tkazilgan ikki tomonlama muzokaralar natijasida Rossiya tomoni qo‘ygan shartlar rad etildi.

Gaz ta’minotining texnik imkoniyatlarini baholash bo‘yicha bir qator qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Biroq, zarur ishlarning ko‘lami katta miqdordagi mablag‘larni safarbar qilishni talab qiladi. Shu munosabat bilan, ta’minotni tashkil qilishning amaliy imkoniyati dargumon, deydi manbalar.