Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt kengashi deputati va senatorlik lavozimini saqlab qoldi, bu haqda kengash va Senat saytidagi ma’lumotlar guvohlik bermoqda. Shuningdek, u parlament yuqori palatasining budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Kengashning rahbarlar zaxirasini shakllantirish, tanlash, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha komissiyasi a’zosi bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokimning iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. «Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — dedi davlat rahbari.

Shu kuni «Gazeta.uz» manbasi sobiq hokim va uning oilasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Turkiyaning Istanbul shahriga kechikib uchgan HY 271 reysi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Parvoz 16 yanvar kuni soat 7:40 da amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.

Ba’zi Telegram kanallarida huquq-tartibot idoralari O‘zbekistondan uchib ketmoqchi bo‘lgan Jaxongir Ortiqxo‘jayevni qo‘lga olishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Oradan uch kun o‘tganiga qaramasdan, ushbu ma’lumot na rad etildi, na tasdiqlandi.

Qonunchilikka ko‘ra, senator va kengash deputati vakolat muddati davomida daxlsizlik huquqiga ega.

Jahongir Ortiqxo‘jayev 2020 yil yanvar oyida 48-saylov okrugidan O‘zLiDeP partiyasidan dastlab Kengash deputati, so‘ngra besh yillik muddatga senator etib saylangan edi. Uning vakolat muddati 2025 yilning yanvarigacha.

Senator va Kengash deputati tegishli hududda Senat va Kengashning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, hibsga yoki qamoqqa olinishi, sud tartibida ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Deputatni daxlsizlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi masala shahar prokurori yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari kengashi tomonidan 10 kun muddatda hal qilinadi. Senatorni daxlsizlikdan mahrum qilish uchun esa O‘zbekiston bosh prokurorining taqdimnomasi talab etiladi.

Bosh prokurorning senatorni jinoiy javobgarlikka tortish, qamoqqa olish, qamoqqa olish yoki sud tartibida qo‘llanilgan ma’muriy jazoni qo‘llashga rozilik olish to‘g‘risidagi taqdimnomasi Senat tomonidan o‘z majlisida, Senat majlislari oralig‘ida esa — uning kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Xalq deputatlari Kengashi va Senat prokuraturadan haligacha taqdimnomalar kelib tushmagani haqida xabar berdi. Bosh prokuratura matbuot xizmati bosh prokuror bunday taqdimnoma bilan chiqmaganini ma’lum qildi.