O‘zbekistonda anomal sovuq tufayli 12 yanvardan gaz quyish shoxobchalari faoliyati to‘xtatilgach, hududlardagi transport muammosi yanada dolzarblashdi. Gaz-zapravkalar yopilishi hududda yo‘lovchi tashuvchi asosiy transport vositalaridan biri — Damas’lar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Damas’lar to‘laqonli ishlamagach, bekatlarda manziliga yetib ololmayotgan yo‘lovchilar ko‘payib ketgan.

Qoraqalpog‘istonda bu muammoga yechim topildi — ko‘ngillilar sovuqda qolib ketgan yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatmoqda. Dastlab bir guruh fuqarolarning shaxsiy tashabbusi sifatida boshlangan ushbu ijtimoiy harakat keyinchalik respublika rahbariyati tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.

Qoraqalpog‘iston Transport vazirligi matbuot kotibi Zahida Qaljanova «Gazeta.uz»ning Nukusdagi muxbiriga ma’lum qilishicha, Jo‘qorg‘i Kenges raisi Amanbay Orinbayev davlat idoralariga o‘z hisobidagi avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqarish va aholiga bepul xizmat ko‘rsatish haqida topshiriq bergan.

қорақалпоғистон

Hozirda Qoraqalpog‘iston IIV, SSV, Transport vazirligi va Ibroyim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga tegishli avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilgan, avtobuslarga yoqilg‘i quyishda «Ajiniyaz qaraqalpaq» dorixonasi yordamlashmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi, uning hududiy bo‘limlari ham «Savobli ish» aksiyasi doirasida bepul mashinalarni qatnovlarga chiqargan. Qoraqalpoq davlat universiteti esa kuniga 50 ta mashinani shaharga chiqarib, yo‘lovchilarni bepul yetkazib qo‘ymoqda. Bu borada mahalliy tadbirkorlar ham faollik ko‘rsatmoqda.

қорақалпоғистон

Eng gavjum Nukus markaziy bozori avtoturargohiga kirish uchun to‘lov bekor qilingan — ilgari bozorning asosiy «parkovka»siga faqat liniyalarda qatnovchi Damas’lar kira olardi, xolos. Shu yerda yo‘lovchi va haydovchilarga issiq choy va qahva ham tarqatilmoqda.

қорақалпоғистон

Ushbu ijtimoiy harakatda o‘z shaxsiy mashinasi bilan qatnashayotgan oddiy ko‘ngillilar ko‘pchilikni tashkil etmoqda — ular orasida bir kunda 10 martalab fuqarolarni tashib qo‘yayotganlar ham bor. Mashinalar «marshrutka»larning yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib, aholini manziliga yetkazib qo‘ymoqda.

O‘z navbatida, tarmoqlarda foydalanuvchilar haydovchilarni aholini yo‘l-yo‘lakay manziliga yetkazib qo‘yishga chaqirmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatlashganlar, shuningdek, tarmoq foydalanuvchilari ham shunday bepul mashinalarda manziliga yetib olganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, dastlab Nukusda boshlangan mazkur ijtimoiy aksiya hozirda Xo‘jayli, Qonliko‘l, Chimboy kabi respublikaning boshqa tumanlarida ham ommalashmoqda.