Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 16 yanvar kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Telegram`dagi «Huquqiy axborot» kanali.

Qayd etilishicha, jamg‘arma mablag‘lari 2 ta yo‘nalish bo‘yicha sarflanadi:

  • 75 foizi barcha davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga;
  • 25 foizi tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda ta’mirlashga.

Tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy rag‘batlantirishning quyidagi turlari qo‘llanadi:

  • ️tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
  • ️yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
  • ️oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar;
  • ️tibbiyot muassasalari barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek moddiy yordam pullari.

Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.

Avvalroq — 2022 yil may oyida prezident farmoni bilan 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshirilishi ma’lum qilingandi.

Bir qancha ustamalar ham joriy etilishi, 1 sentabrdan boshlab tibbiy-profilaktika muassasalari xodimlari ilmiy daraja uchun maoshining 30 foizidan 60 foizigacha qo‘shimcha oylik olishi ham ushbu o‘zgarishlar qatorida sanab o‘tilgandi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi besh yil ichida ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 2,5 barobar oshgan, biroq mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan farq 16,8 foizdan 26,5 foizgacha ko‘tarilgan. Sog‘liqni saqlash sohasida esa tafovut asta-sekin qisqargan, ammo 2022 yil yanvar-mart oylarida u besh yil avvalgi ko‘rsatkichga qaytgan.