Toshkent viloyatida bir guruh fuqarolar elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lganidan norozi bo‘lib elektr ta’minoti korxonasiga borib, janjal ko‘targan. Ushbu vaqtda bir ayol korxona xodimiga pichoq bilan tahdid qilgani haqida videoxabarlar tarqaldi.

Qayd etilishicha, 16 yanvar kuni Chirchiq shahar Elektr ta’minoti korxonasining dispecherlik punktida bir guruh aholi elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lganidan norozilik bildirgan vaqtda, 35 yoshli ayol (V.N.) bezorilik harakatlarini oldini olish choralarini ko‘rgan Chirchiq shahar elektr ta’minoti korxonasi elektr montyoriga qarshilik ko‘rsatgan. Ayol o‘zidagi oshxona pichog‘i bilan uni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, tahdid qilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan V.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan fuqaroga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Hududdiy elektr tarmoqlari» ma’lum qilishicha, elektromontyor I.X.ga birinchi tibbiy psixologik yordam ko‘rsatilib, tan jarohati yetkazilmagani aniqlangan.