O‘zbekistondagi anomal sovuq fonida elektr energiyasi, gaz va issiqlik ta’minotida kuzatilayotgan muammolarga tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab bo‘lmoqda. Bu haqda 16 yanvar kungi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, o‘tgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan.

«Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik bo‘lganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmi-di?», — deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi oylarning o‘zida neftgaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangani ham «tizim ichidan yemirilganidan» dalolat beradi.

DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi.