16 daraja sovuqda ko‘chada o‘tkazilgan ikki soat qo‘l-oyoqning jizillab qolishi bilan yodda qoladi. Og‘iz bo‘shlig‘i, huddi anesteziya ta’siri ostida qolgandek, ishlamay, tildan qoladi. Chiqarayotgan nafasing mitti muz bo‘laklari ko‘rinishida yuzingda to‘plana boshlaydi. Ochiq havo ishlab, non topadiganlar uchun bu hissiyotlar — kundalik haqiqat.

Toshkent shahar Shayxontohur tumani obodonlashtirish xizmati xodimi Nasiba Dehqonova ham shunday haqiqat ichida yashaydi. Uning brigadasida 60 kishi bor. Aksariyati — 40−50 yoshlardagi ayollar.

Nasiba Dehqonova Yangiyo‘l (Toshkent viloyati)da yashaydi. Har kuni «Beruniy» metro stansiyasiga keladi. Ish soat 8:00 dan boshlanib, jadval bo‘yicha 16:00 da yakunlanishi kerak.

Avvallari brigada uchun maxsus avtobus buyurttirilardi, bu transport uchun ishchilar bir oyda bir pul to‘lardi. Biroq shu kunlarda xizmat transporti yo‘q.

Nasiba Dehqonova o‘ziga biriktirilgan hududga kelib, chiqindilar uchun mo‘ljallangan titilib ketgan qop, belkurak va supurgini qo‘lga oladi. Qishda bu anjomlar yoniga lom ham qo‘shiladi. Ayolning vazifasi — trotuarlar, ko‘chalar, avtoturargohlar, bekatlarni tozalash.

Trotuarlarga sepiladigan tuz va qum aralashmasi bunaqangi sovuqlarda ish bermaydi — qancha sepsang ham, muz erimaydi.

«Beruniy» stansiyasi oldidagi avtobus bekatini Nasiba opaning brigadasi kuchli qor bo‘ronidan keyingi ikkinchi kunda tozalab olgandi. Ammo bir samosval kelib, bir kuzov qorini to‘g‘ri bekatga ag‘darib ketdi. «Endi biz bu yerni yana qaytadan tozalashimiz, xalq esa qiynalishi kerak», — deydi u.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Ulardan sal naridagi boshqa bekatda brigadaning ikkinchi bir qismi ishlayapti. Ishchi ayollar oyoqqa rezina etiklar, ustlariga esa bir necha qavat kiyim kiyib olishgan.

Razryadidan kelib chiqqan holda, obodonlashtirish xizmati xodimi oyiga 1,2 mln so‘mdan 1,8 mln so‘mgacha maosh oladi. Tushlik va yo‘l haqi o‘z hisobidan. Brigadirlar ishchilarni soat 19:00 gacha ishlashga majbur qiladi, vaholanki, shartnoma bo‘yicha ish vaqti uch soat avval tugashi kerak. Bu ayollarning aksariyati Toshkentdan tashqarida yashaydi. O‘ziga va yaqinlariga deyarli vaqt ajratolmaydi.

Obodonlashtirish xizmati xodimlari ishlarkan, shu yaqin atrofdagi sirpanchiq plitkada odamlar yiqilaveradi. Loyihachilarning kaltabinligi va ko‘chaga tosh yotqizish bo‘yicha normativlarga rioya etilmagani oqibatida ko‘plab trotuarlar sirpanchiq bo‘lib qolgan. Bundan tashqari, qor tufayli odam o‘zi bilmay tushib ketishi mumkin bo‘lgan ariqlar ham ko‘rinmay qolgan.

Piyodalar trotuarlar xavfsiz bo‘lishini xohlaydi. Ammo, obodonlashtirish xodimalarining so‘zlariga ko‘ra, ajratilgan hududni tozalab chiqish uchnu 60 juft qo‘l yetarli emas.

«Mana, kecha bittasi oldimga kelib olib, rosa so‘kdi. Men nima ham qila olaman?», — deb savol beradi Nasiba Dehqonova.

Ular ba’zan nafaqat ko‘chadagi odamlarning, balki o‘z boshliqlarining qo‘polliklari va e’tiborsizliklariga ham chidashlariga to‘g‘ri keladi. Nasiba opaning hamkasblaridan biri so‘zlariga ko‘ra, poytaxt hokimligi bepul osh tarqatish tashabbusi bilna chiqishidan bir kun avval qaysidir bir tadbirkor ularga osh bermoqchi bo‘lgan. Ayollar bepul tushlikni olish istagini bildirganida, brigadirlardan biri ularni so‘kib bergan.

«Shunday gaplarni eshitgandan keyin bizning ovqat yegimiz yoki ishlagimiz keladi, deb o‘ylaysizmi?», — deydi ayollar.

Qahraton hamma uchun chidamlilik va insoniylik sinovi bo‘ldi, deydi bu ayollar.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Sovuq havo Chorsu bozorining bir maromdagi hayotiga ham ta’sir qildi. Mashhur ovqat bozori huvillab qolgan. Oshpazlar idish-tovoqlar va mahsulotlarni yuvishda ishlatgan rakovinalarni qalin muz bosgan. Stullar xuddi maktab sinfxonalaridagi kabi stollar ustiga ko‘tarib qo‘yilgan, shu sovuqda ham ishga chiqishga qaror qilgan sotuvchilarning ovozi esa butun bozorni egallagan.

Chorsu buyum bozoridagi yarim rastalar ham bo‘m-bo‘sh. Mushuklar boshpana va ovqat qidirib yugurib yuribdi. Kamerani ko‘rgan aravakashlar qochishga urinadi. Faqat Iskandar Eshonov ob-havo uning ishiga qanday ta’sir qilgani haqida gapirishga rozi bo‘ldi.

«Arava, gapga kirmay, sirpanib ketyapti, lekin yurishga yuryapti», — deydi u.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Iskandar aka — ikki talabaning otasi. Bu sovuqlar talabalarning to‘lov kontrakti hajmini kamaytirgani yo‘q, ammo otaning ishiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirgani rost. O‘zbekistonda qor yog‘a boshlagach, bozorga kelayotgan sotuvchi va xaridorlar soni kamaygan, shunga qaramay «kunlik 70 ming so‘m»ni topish imkoni bo‘layotgandi, deydi u.

Kasal bo‘lib qolmaslik uchun u uch qavat ishton, jun paypoq va rezina etiklar kiyib olgan. Salqigan ko‘zlari va sovuqdan yorilib ketgan kafti uning sog‘lig‘i va og‘ir mehnat sharoiti haqida gapirib turibdi.

Chorsu bozori darvozasi oldida turgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi bir oyoqdan ikkinchisiga sakragancha, qaltirashini to‘xtatishga urinadi. Savollarga xohlamaygina javob beradi. Oyog‘idan suv o‘tib ketgani sho‘ralagan poyabzalidan ma’lum. Uning ikki hamkasbi ham fikr bildirishdan bosh tortadi. «Rahbariyatdan so‘rash kerak», — deydi ular.

So‘nggi kunlarda poytaxt hokimligi tashabbusi bilan Toshkent to‘yxonalari va boshqa joylarda ehtiyojmandlarga, shuningdek, ko‘chada xizmat olib borayotgan obodonlashtirish xizmati va YPX xodimlariga osh tarqatilmoqda. Biroq oshga aksariyati uyida ovqat pishira olmayotgan oddiy odamlar ham kelmoqda.

«Ezidiyor» restorani eshiklarini 13:30 da ochish rejalashtirilganiga qaramay, soat 13:35 da osh qolmagandi. Eshik oldida bir juft Milliy gvardiya va IIB xodimlari turibdi. Oshpazlarning aytishicha, odamlar soat 13:00 dan kelib olgan va ular shu qadar ko‘p bo‘lganki, dasturxonlarni belgilangan vaqtdan avval yasatishga to‘g‘ri kelgan.

Restoran menejeri Alloma Akbarovning aytishicha, osh 100 kilo guruchdan yoki 350 kishiga mo‘ljallab tayyorlangan edi. Asosiy taomdan tashqari dasturxonga achchiq-chuchuk salati, non, issiq choy, mevalar va shirinliklar tortilgan. Oshni, xohlaganlar, o‘zi bilan olib ketishi ham mumkin edi.

Odamlar to‘yxonadan isinib, minnatdorlik hissi bilan chiqdi. Ular menejerning oldiga kelib, minnatdorlik bildirdi.

Ahvolning murakkabligiga qaramay, har bir suhbatdosh, ayniqsa, kunni qahraton ko‘chada o‘tkazayotganlar gapni bu qiyinchiliklar vaqtinchalik ekani va ularni yengib o‘tish mumkinligi haqidagi so‘zlar bilan yakunladi. «Ishqilib, bu sovuqlar bizni bir-birimizga beparvo qilib qo‘ymasa bo‘lgani», — deya qo‘shimcha qildi ular.