Toshkent hokimligi markazlashgan issiqlik tizimida haroratni ko‘tarish maqsadida eng kamida uch kun davomida ko‘p qavatli uylarning issiq suv ta’minotida harorat vaqtincha pasaytirilishini ma’lum qildi.

Havo haroratining keskin pasayshi oqibatida issiqlik stansiyalariga uzatilayotgan tabiiy gaz bosimining pasayib ketishi sababli xonadonlarga yetkazib berilayotgan issiq suv taminotida ham, isitish tizimida ham oxirgi kunlarda harorat sezilarli darajada pasayib ketdi, deyiladi xabarda.

Buning natijasida o‘z xonadonlarini isitish maqsadida fuqarolar qo‘shimcha elektr moslamalardan foydalanishga majbur bo‘lmoqdalar. Bu esa, o‘z navbatida, transformator stansiyalari va uzatish simlarida normadan ortiqcha yuklamani vujudga keltiryapti, buning oqibatida esa, oxirgi kunlarda transformatorlar va simlarda portlash, yonib ketish kabi avariyalar soni o‘n barobardan oshib ketdi.

«Shunga ko‘ra, elektr tizimiga yuklamani pasaytirish, hamda markazlashgan issiqlik tizimi (otopleniye)da haroratni ko‘tarish maqsadida, eng kamida, uch kun davomida ko‘p qavatli uylarning issiq suv ta’minotida haroratni vaqtincha pasaytirishga majburmiz. Bunda suvni isitishga sarflanayotgan tabiiy gaz issiqlik tizimi (otopleniye)ga yo‘naltiriladi», — deyiladi xabarda.

Poytaxt hokimligi fuqarolari vaziyatni to‘g‘ri baholashlariga umid qilib, keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.

Shuningdek, shaharliklardan uylardagi eng zarur xonalarni isitish va yoritishdan tashqari energiya sarfini imkon qadar kamaytirishni iltimos qilindi.