Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlarida gaz bosimining keskin pasayishi kutilmoqda. Bu haqda 12 yanvar kuni poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tumanlar hokimlari va boshqa mas’ul rahbarlarga audiomurojaatida ma’lum qildi.

«Gaz keskin tushadi, nafaqat Toshkentda, boshqa hududlarimizda ham tushishi kutilyapti. Shuning uchun hozir butun shahardagi zapravkalarning hammasini o‘chiramiz. Faqat 4 ta gaz zapravka qoladi faqat o‘sha maxsus kommunal xizmatlarimizda. Ular ham hozir shahar transport salyarkaga o‘tadi gazdan. Keskin qisqartirishimiz kerak bo‘ladi. Butun fabrika, zavodlar, egasi kim bo‘lishidan qat’i nazar, qanday odam bo‘lishidan qat’i nazar, o‘chirishga majburmiz. Elektrini ham, gazini ham», — dedi shahar hokimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi hamma maxsus ko‘chadan tashqari boshqa ko‘chadagi yoritish chiroqlari, LED`lar o‘chiriladi.

«Ikki kun mana shunaqa vaziyat. Biz mana shu vaziyatda fuqarolarimiz ko‘nglidan xabar olib, yolg‘iz qolganlarga issiq ovqat, qanday vaziyatlar bo‘lsa yordam berishimiz kerak. Mana hozir 50 ta to‘yxona bilan gaplashildi, haqqini berildi. Bugundan boshlab 100 kilodan, 50 kilodan osh tarqatiladi. Hamma kirib yeyishi mumkin, tog‘orachasida uyiga olib ketishi mumkin», — deya qayd etdi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev rahbarlarga «ikki kun turib berishimiz kerak»ligini aytdi.

«O‘zlaringiz ham yonlaringizda issiq ovqat qilasizlarmi, boshqa qilasizlarmi, yonlaringdan xarajat qilinglar, deb aytmayman. Kimda qanday xarajat kerak bo‘lsa, mendan emas, mening yordamchilarimdan kelib pulini olinglar, naqd olinglar, lekin bu narsani qilinglar. Pul topolmasdan, mendan so‘ramasdan e’tiborsizlik qilsangizlar, juda ko‘nglimni og‘ritadi… Hozir pulni sanab o‘tiradigan vaziyat emas, butun shaharda fuqarolarning ko‘nglini iloji boricha ko‘tarib, issiq ovqat bilan ta’minlab, muammolarini hal qilib, hamma tik oyoqda turadigan vaziyat…» — dedi hokim.

«Agar bugun turib bermasak, ertaga kech bo‘ladi. Bugun biz davlatga kerakmiz. Agar bugun bu ishni qila olmasak, bir tiyinga yaramas hokimlar, bir tiyinga yaramas sektor rahbarlari, boshqarma boshliqlari bo‘lamiz», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga havoning anomal sovishi tufayli gaz bosimi pasayganini tasdiqladi. Bundan tashqari, ob-havo tufayli gaz quvurlarining shikastlanishi kuzatilmoqda.