O‘zbekistondagi ko‘plab oliygoh, texnikum va akademik litseylarda kutilmaganda 11 yanvardan talabalarga o‘qish boshlanadigan bo‘ldi. Avvalroq — 5 yanvar kuni respublikaga anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til 17 yanvarga qadar uzaytirilgandi, o‘quv mashg‘ulotlari esa 18 yanvar, chorshanbadan boshlanishi kerak edi. Biroq o‘qish aynan o‘sha anomal sovuq kunlarda boshlanmoqda.

Respublikada maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til 2023 yilning 11 yanvari, OTMlarda esa 9 yanvariga qadar davom etishi kerak edi.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. «Anomal» yangilik aksariyat talabalar va internet faollari o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqardi. Xususan, huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bu yangilik viloyatdan kelayotgan talabalar uchun muammo tug‘dirishi haqida yozdi.

«Boshqa hududlardan keladigan talabalar nima bo‘ladi? Ular ta’til cho‘zilgani sabab soatlab navbatlarda turib, chiptalarini boshqa sanaga uzaytirgandi. Endi yana ovora bo‘lib o‘zgartiradimi? Bunga kim batafsil izoh beradi?» — dedi u.

anomal sovuq

anomal sovuq

anomal sovuq

anomal sovuq


Bloger Muhrim A’zamxo‘jayev xalq uchun hozir muammo anomal sovuq emas, kutilmagan anomal yangiliklar ekanini aytdi.

«O‘zbekiston, uning xalqi, mustaqilligi, kelajagi uchun eng katta va jiddiy xavf anomal sovuq yo issiq emas, balki hech kim va hech narsadan qo‘rqmaydigan anomal o‘zbek chinovniklari hamda ular qabul qiladigan anomal qarorlardir», deyiladi xabarda.

Yana bir huquqshunos-bloger Zafarbek Solijonov ham holat bo‘yicha o‘z fikrlarini yozib qoldirdi.

«Hokimlar va ayrim vazirlar miyasiz bo‘lishi mumkin. Buning ehtimollik darajasi ham yuqori bo‘lishi kerak. Balki keyinroq bu haqda tadqiqotlar ham o‘tkazilar. Ularning qo‘l ostidagilarga esa tinchlik kerak. Lekin tepada birorta aqlli inson qolganmikin, nega kutilmaganda ushbu qarorga kelindi, tushuntirib beradigan. Vahima, xavotirlarimizga amalimiz tushmay qolmayaptimi?» — deydi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov (Bakiroo Telegram-kanali muallifi) esa qarorlarda izchillik, tuturuq yo‘qligini qoralagan:

«Rejalashtirish gorizonti tushgacha va buyam aniqmas, kechga yana kayfiyatga qaraymiz» qoidalari bilan yashayotgan O‘zbekiston. 2023 yil 11 yanvardan boshlab universitetlar, texnikum, kollej va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanadi". P. S. Menimcha, biz «Adminreforma»ning birinchi mevasini yedik», deb yozadi u.

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov mahalliy hokimlik va ta’lim mas’ullarini bog‘cha va maktablarda o‘qish jarayonlarini keyingi haftadan boshlash masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi.

«Avvalo, anomal sovuq va yog‘ingarchilik sharoitida o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga yetib kelishi keskin qiyinlashadi. Ayrim qishloqlarda bolalar bir necha kilometr piyoda yurib maktabga qatnashini inobatga olish zarur. Qolaversa, murojaatlarga ko‘ra, qator hududlarda maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida isitish tizimlari to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmagan», — deya yozadi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qishni boshlashning aniq muddatini belgilash qarori nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilinishi lozim.

Jurnalist Aziza Qurbonova bu holatga «Aytish va qaytish» deya nom berdi. «Xuddi shunday qilib anomal ob-havoniyam qaytarib olib ketinglar», deya taklif kiritmoqda u. Voqeaga munosabat bildirganlar orasida adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova ham bor.

«Avval o‘qish 18 dan bo‘ladi deyishdi va bir sutkadan kam vaqt qolganda yana 11 dan darslar devorishdi. Kimdir xato qildi va endi jimlik? Odamlarga qaror qabul qilish jarayonlari qiziq: qanday bo‘ladi, kim kimga aytadi shunday qilaylik deb, kim mayli deydi va oxirida kim yana ortga tashlashni so‘raydiyu, kim yana mayli deydi? Asosiysi, ular nimani o‘ylashadiyu, nimani o‘ylashmaydi? Undan ham muhimi, har bir qarorning oqibatini o‘ylashga qancha vaqt va aql sarflashadi? Xulosalar qilinadimi? Unda nega bu takrorlanaveradi? Juda muhim savollar shu hozir. Chunki har kuni qanchalab qarorlar qabul qilinyapti. Millionlarga daxldor qarorlar», deya yozdi u.

Alimoff ertadan o‘qish boshlanmasligi kerakligi haqida o‘z Telegram-kanalida xabar yozib qoldirdi.

«Xozir ko‘chani aylanib keldim piyoda… Asfalt yo‘llar ham qor, mashinalar konkida uchib yuribdi. Qishki rezina bilan ham mashinada yurmaslikka qaror qildim. Melisalar ham ovoz kuchaytirgichda uyda o‘tiring deb yurishibdi. Xullas, vaziyat chatoq, Toshkentda ertadan o‘qish boshlamaslik kerak deb o‘ylayman», deyiladi xabarda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, o‘quv jarayonini tashkil etishda zarurat tug‘ilganda o‘quv grafigiga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. 20 yanvarga qadar talabalarning imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishlari tavsiya etiladi.