Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filialining kadrlar bo‘limi inspektori J.M. pora olayotgan vaqtda ushlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Holat vazirlik tomonidan o‘rganilganda J.M. 2022 yil 25 dekabrdan Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon hududiy filialining kadrlar bo‘limida inspektor sifatida ish boshlagani aniqlandi. U 2023 yil 7 yanvar kuni soat 13:00 atrofida Andijon shahrining «Soy» mahallasi hududidagi dorixona oldida fuqaroni ishga olib kirib qo‘yish evaziga undan 400 dollar olayotgan paytda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozir mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

️Vazirlik tomonidan ushbu holat o‘rganilib, e’tiborsizligi oqibatida korrupsiyaviy holat sodir etilishiga sharoit yaratib bergani, muassasa xodimlari o‘rtasida yetarlicha tushuntirish ishlarini olib bormagani uchun Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filiali direktori I.A. va kadrlar bo‘limi boshlig‘i E.X. egallab turgan lavozimidan ozod etildi.