«Dok-1 Maks» preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko‘z yumgani O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida muammolar mavjudligini ko‘rsatib berdi, deya ma’lum qildi «Yuksalish» umummilliy harakati. Faqatgina barcha tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish orqaligina kelgusida bunday holatlarning oldini olish mumkin, deya ishonch bildirildi yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotda.

Birinchidan, dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash amaliyotini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaydi harakat. Chunki bugun fuqarolar qaysi dorini ichish bo‘yicha ko‘pincha shifokor bilan emas, dorixona sotuvchilari bilan maslahatlashmoqda. «Ko‘plab dori vositalarini shifokor retseptisiz osongina aptekadan xarid qilishimiz mumkin va bu dorilardan noto‘g‘ri foydalanish xavfini yaratmoqda», — deyiladi xabarda.

Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlarning o‘rtacha 10−20 foizida dorilar nojo‘ya ta’sir qilganlik holati kuzatiladi, qizig‘i, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ikki baravar yuqorini tashkil qiladi. 2008−2018 yillarda O‘zbekistonda dori vositalari bilan o‘zini o‘zi davolash natijasida sog‘liqning yomonlashganligi bilan bog‘liq 2300 ta holat ro‘yxatga olingan.

Shuning uchun, avval, ommaviy axborot vositalarida dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur, deb hisoblaydi harakat. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ruxsati bilan amalga oshirish.

«JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash va o‘zini o‘zi davolash darajasining oshishi aynan reklama bilan bog‘liqdir. Bunday davolanish natijasidagi o‘lim holatlari jarohatlar, qon aylanish kasalliklari, onkologik va pulmonologik kasalliklardan keyin 5-o‘rinda turadi. Albatta, iste’molchilar dori-darmonlarni qo‘llashdan kelib chiqadigan nojo‘ya ta’sirlar, ularning muvofiqligi va organizmning individual reaksiyasi xavfini baholay olmaydi», — deyiladi xabarda.

Odamlar dori-darmonlarga oddiy iste’mol tovari sifatida qaramoqda va bu — vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Shuning uchun mazkur masala har 100 ming aholiga o‘rtacha 25−27 ta dorixona to‘g‘ri keladigan O‘zbekiston uchun dolzarbdir.

Ikkinchidan, dori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishни taklif qilinmoqda.

O‘tgan yili «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. «Unda dori vositalarining reklamasiga oid aniq tartiblar belgilangan bo‘lsa-da, biz har kuni televideniye, radio va boshqa turdagi reklamalarda qonun talablarining buzilishini kuzatyapmiz. Farmkompaniyalar qonun talablariga bepisandlik bilan yondashayotganlarini ko‘ryapmiz», — deya ma’lum qilindi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ko‘pi bilan BHMning 15 barobarigacha ma’muriy jarima ko‘zda tutilgan. Biroq aynan dori vositalarining reklamasi bilan bog‘liq tartib va qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik mavjud emas. «Shu sababli dori vositalarining reklamasiga oid tartib va qonunchilikni buzganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik va bunday holatlar og‘ir oqibatlarga olib kelgan taqdirda, jinoiy javobgarlik begilash lozim, deb hisoblaymiz», — deya ma’lum qildi harakat.

Italiya, Shveysariya, Kanada, Yaponiya, Finlyandiya, Germaniya, Vengriya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar o‘zini o‘zini davolash muammolarini hal etish uchun aynan qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirganliklarini ko‘rishimiz mumkin.

Uchinchidan, dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sertifikatlash tashkilotlari mas’uliyatini kuchaytirish muhim hisoblanadi.

Xabar berilganidek, «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dorilari, tekshiruvlarda aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» tomonidan belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan. Natijada sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.

«Yuksalish» Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi subyektlari qatoriga sifatsiz, qalbakilashtirilgan va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan dori vositalarini tarqatishga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ham kiritish taklif etilmoqda.

To‘rtinchidan, fuqarolarni zamonaviy tashxis imkoniyatlaridan foydalanishini, davolashning yagona standartlariga asoslangan tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tishni tezlashtirish zarur.

«Odamlar ko‘pincha o‘zini-o‘zi davolashga urinmoqda, aniq tashxisni bilmasdan, reklamaga ishonib, turli dorilarni qabul qilmoqda. Bu kabi xatolar, shuningdek, shifokorlar tomonidan dorilarni buyurish jarayonida ham yuz beryapti. Afsuski, ularning ba’zilari alohida preparatlarni targ‘ib qilishdan moliyaviy manfaat ko‘zlamoqdalar. Shuning uchun ham tibbiy sug‘urtalash tizimiga imkon qadar tezroq o‘tishimiz kerak», — deyiladi bayonotda.

Beshinchidan, farmatsevtika sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash zarur, deb hisoblaydi harakat.

«Aholi qaysi dori vositalari import qilinayotgani, ishlab chiqaruvchilar kimligi, ularning xorijdagi nufuzi, sertifikatlashtirish jarayoni qanday olib borilayotganini bilishga haqli. Shuningdek, keng aholi manfaatlariga daxldor bo‘lgan farmatsevtika sanoatiga oid axborotlarni berib boruvchi ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz», — deya ta’kidladi «Yuksalish». Qayd etilishicha, sotiladigan barcha turdagi dori-darmonlarni majburiy raqamli markirovkalash jarayonini tezlashtirish muhimdir. Xaridor markirovka orqali dorining haqiqiyligini tekshirishi mumkin.

«Yuksalish» umummilliy harakati parlament, mas’ul vazirlik va idoralarni tezkor choralarni ko‘rishga, tibbiyot muassasalari va farmatsevtika sohasi institutlarini, avvalo, tijoriy emas, balki ijtimoiy manfaatlarni ustuvor qo‘yishlariga chaqirdi.