O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 dekabr kuni Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unda, jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i stavkalarini oshirish nazarda tutilgan.

«Gazeta.uz» avvalroq 2023 yil uchun soliqqa oid o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot (rus tilida) bergan edi. Xususan, jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha 2022 yilda amaldagi soliq stavkalari Soliq kodeksining 422-moddasi 1-qismi 1−3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha o‘rtacha 12 foizga oshiriladi. Moliya va iqtisodiyot vazirligi buni jismoniy shaxslar uchun 2018 yilda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan belgilangan soliq solish obyektlarining kadastr qiymati (soliq solinadigan baza) miqdori saqlanib qolinishi bilan izohladi.

500 kv. m gacha bo‘lgan uy va kvartiralarning egalari uchun soliq o‘sishi 12−12,1 foizni, 500 kv. m dan ortiq uy-joy mulkdorlari uchun esa 11,3 foizni tashkil etadi.


Soliq solish obyektlari

2022 yildagi stavka, %da

2023 yildagi stavka, %da
1.
Uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari (umumiy maydoni 200 kv.m gacha bo‘lganlarini qo‘shib hisoblaganda), ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, shuningdek boshqa imoratlar, binolar va inshootlar
0,25
0,28 (+12%)
2.

Shaharlarda joylashgan uy-joylar va kvartiralar, umumiy maydoni:




200 kv.m dan ortiq va 500 kv.m gacha bo‘lgan
0,33
0,37 (+12,1%)

500 kv.m dan ortiq bo‘lgan
0,44
0,49 (+11,3%)
3.
Boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.m dan ortiq bo‘lgan uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari
0,33
0,37 (+12,1%)
4.
Tadbirkorlik faoliyati uchun yoxud yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berishda foydalaniladigan soliq solish obyektlari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromadlar olish uchun mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari
1,5
1,5

Bundan tashqari, Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, 2023 yilda uy-joy fondiga (shu jumladan, ko‘p kvartirali uy bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan mashina o‘rni) ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq summasining o‘sish sur’ati bo‘yicha avvalgisiga nisbatan cheklov qo‘llash amaliyoti saqlanib qolmoqda. Xususan, 2018 yilda belgilangan kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblangan soliq summasi joriy yilda 2022 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,3 baravardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Ma’lumot uchun: mazkur cheklov 2018 yildan boshlab mol-mulk solig‘i inventar qiymatidan (2018 yilgacha) kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda mol-mulk solig‘iga o‘tkazilgandan so‘ng soliq yukining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli barcha ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, 2023 yildan boshlab noturarjoy ko‘chmas mulk obyektlari uchun o‘tgan yilga nisbatan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasiga cheklov qo‘llash amaliyoti bekor qilinadi. Ushbu qoida jismoniy yoki yuridik shaxsga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, ko‘chmas mulk obyektlarini funksional maqsadiga ko‘ra (turar joy bo‘lmagan binolar) soliqqa tortish uchun teng shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy etilgan. Yer solig‘i bo‘yicha cheklov 2022 yildan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyatida foydalanilayotgan yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanilmaydi.