Vazirlar Mahkamasining «Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanali xabar berdi.

Mazkur qaror bilan qishki sport maktabining asosiy vazifalari belgilandi. Qishki sport turlari bo‘yicha o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish, xorijiy mamlakatlarning qishki sport turlari bo‘yicha maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish shular jumlasidan.

Respublika qishki sport maktabi 2024/2025 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi hamda maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Maktabni tashkil etish va sport inshootlarini qurishda qishki sport turlari (figurali uchish, konkida uchish, short-trek, xokkey) bilan o‘quvchilarning doimiy mashg‘ulot o‘tkazishi uchun yopiq muz saroyi va ochiq sport maydoni hamda maxsus trenajyor zaliga ega bo‘lishi lozim.

Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi prezidentning 2022 yil 1 iyuldagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil dekabr oyida Milliy olimpiya qo‘mitasi O‘zbekistonda Xokkey federatsiyasi, Figurali uchish va short-trek federatsiyasi, Kyorling federatsiyasi va Chang‘i sporti federatsiyasi tashkil etilishini ma’lum qilgandi. O‘shanda so‘nggi yillarda qishki sport turlarida O‘zbekiston vakillari xalqaro maydonda maqtashga arzigulik natijalarga erisha olmayotgani, 1994 yilda Norvegiyaning Lillexammer shahrida bo‘lib o‘tgan XVII qishki Olimpiya o‘yinlarida Lina Cheryazova tomonidan qo‘lga kiritilgan oltin medali yagonaligicha qolgani bildirilgan.

2019 yilning may oyida O‘zbekistonda Chang‘i sporti federatsiyasi Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazilgan.