«Yuksalish» harakati 9−12 yanvar kunlari O‘zbekistonda anomal sovuq ob-havo kuzatilishi munosabati bilan qator choralar ko‘rishga chaqirdi.

Xususan, harakat barcha ish beruvchilar — ham davlat, ham xususiy sektor ish jarayonlarini tashkil etishni chuqurroq ko‘rib chiqishlari kerakligini, mehnat sharoitlari bilan tanishib chiqib, xodimlarni qulay harorat rejimi bilan ta’minlash zarurligini qayd etdi.

«Agar xodimlarning ish joyida bo‘lishiga ehtiyoj bo‘lmasa, ular onlayn ishlashiga ruxsat berilishi kerak. Pandemiya bunday formatda ham berilgan vazifalarni samarali bajarish mumkinligini ko‘rsatdi. Qolaversa, bu yo‘llarni tirband qilmasdan, qor va muzlardan tozalab olinishiga sharoit yaratadi», — deyiladi xabarda.

Masalan, «Yuksalish» harakati jamoasi 9−15 yanvar kunlari masofadan ishlashga o‘tmoqda. Markaziy idora joylashgan binoning isitish tizimidagi qiyinchiliklar sababli shunday qarorga kelindi. Hududiy bo‘linmalar ham onlayn formatga o‘tmoqda, — deyiladi harakat habarida.

Shuningdek, harakat ish soatlarini, ayniqsa, ochiq havoda ishlaydiganlar uchun qisqartirish maqsadga muvofiqligini, imkon qadar xodimlar uchun issiq ichimliklar tashkil qilish, sovuqqotish holatlarining oldini olish uchun tanaffus berish yoki o‘rin almashtirish ham foydadan xoli bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Yirik savdo va aholiga xizmat ko‘rsatish markazlarida issiq choy berishni tashkil qilish o‘rinli bo‘ladi. Jamoat transportining uzluksiz harakatlanishini ta’minlash kerak. Chunki noqulay ob-havoda yo‘llarda yengil avtomobillar soni keskin kamayadi. Muhimi, bee’tibor bo‘lmaylik, qishning sovuq kunlarida iliqlik ulashib, bir-birimizga yordam beraylik», — deyiladi xabarda.

«Mahallangizdagi yolg‘iz keksa qo‘shnilar, ko‘p bolali oilalar, farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan onalardan xabar oling. Ulardan isitish tizimi, elektr, gaz borligini so‘rang. Balki kimgadir o‘tin yoki ko‘mir kerakdir? Issiq kiyimlari yo‘qdir. O‘zingizda borini ular bilan ham bo‘lishing. Shaxsiy avtomobilda harakatlanganda ham bir manzilga boruvchi yo‘lovchilarni olib keting», — deya yozadi harakat.