Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida erkak xotini va 5 oylik bolasini o‘ldirib, o‘zini osdi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

24 dekabr kuni soat 23:20 larda Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limi viloyat IIB «102» operatoriga xabar bergan. Chaqiruvga asosan Oqdaryo tumani «Galaravot» mahallasida yashovchi fuqaro A.A.ning uyiga borilganda xonadonda uning turmush o‘rtog‘i M.A. va 5 oylik farzandi P.M. tan jarohatlari bilan o‘lik holatda topilgan.

Dastlabki tezkor ma’lumotlar hamda guvohlarning ko‘rsatuvlariga ko‘ra, A.A. turmush o‘rtog‘i M.A. bilan oilaviy kelishmovchilik oqibatida janjallashib, uni qaychi bilan bo‘yin sohasiga 2 marta urib o‘ldirgan. So‘ngra beshikda yotgan 5 oylik farzandi P.M.ni qo‘llari bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Keyin o‘zini o‘zi osib, o‘z joniga qasd qilgan.

Mazkur holat yuzasidan 25 dekabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «a», «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishining dastlabki tergovi tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.