G‘aniyev Shuhrat Madaminovich prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shu kungacha bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan G‘aniyev 2020 yilning 25 sentabrida ushbu lavozimga kelgandi. U marhum O‘ktam Barnov o‘rniga ushbu lavozimiga o‘tkazilgandi.

2021 yilning yanvar oyida prezident Buxoroda Xalq deputatlari viloyat kengashining yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi juda orqada qolayotganini ta’kidlagandi. Tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasa, Shuhrat G‘aniyev hamda o‘sha paytdagi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayevni ishdan bo‘shatishini aytgandi.

«Qishloq xo‘jaligimiz ham qoniqtirmaydi. Haligacha sobiq ittifoq uslubida ishlayapmiz. Men 1993 yilda Yevropaga borganimda ko‘rganman, tuproqqa tushadigan har bir tomchi suv, har gramm o‘g‘itning aniq hisob-kitobi bor. Biz qachon hosildorlikni, daromadni ko‘paytiramiz?! G‘aniyevni [bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev — tahr.] ham ogohlantirdim, tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasa, ishdan ketadi», — deya ta’kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, Shuhrat G‘aniyev 1968 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, Toshkent davlat agrar universiteti (1992) va Toshkent kimyo-texnologiya institutini (2005) tamomlagan. Mehnat faoliyatini Farg‘ona viloyati kooperatsiya birlashmasi Marg‘ilon bazasi yetakchi mutaxassisi sifatida boshlagan. 2004−2007 yillarda «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari, 2007−2008 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2008−2011 yillarda Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2011 yildan 2020 yilgacha Farg‘ona viloyati hokimi sifatida faoliyat olib borgan.