Hindiston Savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlash kengashi (Pharmexcil) O‘zbekistonda eng kamida 19 nafar bola o‘limidan so‘ng “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech kompaniyasining ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda Mint nashri xabar bermoqda. Avvalroq korxonaning barcha ishlab chiqarish faoliyati to‘xtatilgani ma’lum bo‘lgan edi.

Qaror Marion Biotech Pharmexcil`ning 28 dekabrda “Dok-1 Maks” to‘g‘risidagi ma’lumot so‘roviga o‘z vaqtida javob bermaganidan keyin qabul qilindi.

Kompaniya Pharmexcil bilan 2010 yilda kichik partiyalar ishlab chiqaruvchisi va 2016 yildan buyon savdo eksportchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

“Biz Marion Biotech`dan ko‘rib chiqilayotgan dori vositasini yetkazib bergan litsenziatlar, importchilarning ismlari va ma’lumotlari, bog‘lanish uchun ma’lumotlar, litsenziyalarining nusxalari hamda ushbu mahsulotlardan foydalanishga ruxsatnomalar to‘g‘risida ma’lumot so‘radik, shuningdek, taxmin qilinayotgan jiddiy noxush oqibatlar sabablarini o‘rgani hamda zarur choralar ko‘rish uchun kengashni uning natijalaridan xabardor qilishni maslahat bergan edik. Firmadan 29 dekabr kuni ish kuni tugashigacha javob berish so‘ralgan. Biroq kengashga materiallar/noxush hodisalar to‘g‘risida hisobotlar hech qanday materiallar/hisobotlar kelib tushmadi”, — dedi Pharmexcil bosh direktori Udaya Bxaskar intervyuda.

Pharmexcil Marion Biotech raisi va boshqaruvchi direktori Sachin Jainga yo‘llagan maktubida Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi vaziyatni nazorat ostiga olish vazifasini bajarib, voqeani jiddiy qabul qilganini aytdi.

Farmatsevtika agentligi Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga preparatlar partiyasida etilenglikol borligi, bu tibbiy qoidalarda belgilangan me’yordan 300 baravar yuqori ekanligi haqida ma’lum qildi. Buning o‘rniga uning tarkibida propilenglikol (bakteritsid ta’sirga ega oziq-ovqat qo‘shimchasi) bo‘lishi kerak edi, deyiladi xatda.

“Kompaniyangiz tomonidan nostandart dori-darmonlarni yetkazib berish 18 bolaning o‘limiga olib keldi, Hindiston farmatsevtika sanoatining obro‘siga putur yetkazdi, shuningdek, Hindiston farmatsevtika mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro agentliklarning ishonchiga ta’sir qilishi mumkin”, — dedi Bxaskar.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi olib borilgan dastlabki laborator o‘rganishlar “Dok-1 Maks” siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham ko‘rsatganini ma’lum qilgan edi.

“Ushbu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1−2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni, ya’ni qusish, hushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

“Gazeta.uz” Respublika shoshilich tibbiy yordam ilmiy markazi reanimatsiya bo‘limida yana 10 nafarga yaqin bola Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari, jumladan, “Sinepar Kid”, “Ambronol” siroplarini ichish natijasida yuzaga kelgan buyrak yetishmovchiligidan davolanayotgani haqida yozdi.

O‘zbekiston Hindiston farmatsevtika mahsulotlari eksporti bo‘yicha 44-o‘rinda, MDH mintaqasida esa ikkinchi o‘rinda turadi.

2021 yilda farmatsevtika mahsulotlari eksporti 142 mln dollar, 2022 yil apreldan noyabrgacha — 84,6 mln dollarni tashkil etdi.