Haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ maqomi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilmoqda. Senatning 36- yalpi majlisida ushbu tartibni ko‘zda tutuvchi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ushbu huquqiy hujjatni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar yo‘llarda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari jamiyatni xavotirga solayotgani, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularning oldini olishda tegishli mas’ul xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirilishi lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimidagi mavjud kamchiliklar ham yo‘llarda turli qoidabuzarliklar hamda o‘lim bilan tugayotgan yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Bundan tashqari, Qonun bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni litsenziyalash uchun to‘lanadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida belgilanmoqda.

Shuningdek, «Davlat boji to‘g‘risida»gi hamda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.