27 dekabr kuni Saudiya Arabistoni vaqti bilan soat 9:15 da «Jidda-Madina» 160-magistral yo‘lida o‘zbekistonlik ziyoratchilarni olib ketayotgan Mercedes-Benz avtobusi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.

Baxtsiz hodisa natijasida avtobusdagi 50 nafar ziyoratchidan 10 nafari jabrlandi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Yusup Kabuljanov.

«Mazkur transport hodisasi oqibatida jabr ko‘rganlarga Madina shahri yaqinidagi „Vadi Al-Far’“ va „Al-Himna“ shifoxonalarida tez tibbiy yordam ko‘rsatildi. Avtobusdagi 40 nafar ziyoratchi Madina shahridagi mehmonxonaga joylashtirildi», — deyiladi xabarda.

«Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan. Ushbu mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Diplomatlarimiz fuqarolarimiz holidan xabarbor bo‘lib turibdi», — deya qayd etdi TIV vakili.