22−25 dekabr kunlari O‘zbekiston TIV rahbari Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishida ishtirok etish uchun Yaponiyaning Tokio shahriga tashrif buyurdi. Quyida tashrifning asosiy voqealari havola etiladi.

22 dekabr kuni Norov Tokioga tashrifi davomidagi ilk uchrashuvni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Junichi Yamada bilan o‘tkazdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Uchrashuvda ayni paytda umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik 13 ta loyiha amalga oshirilayotgani, shuningdek, 700 million dollarlik 14 ta yangi loyiha ustida ishlanayotgani qayd etildi.

Energetika, chiqindilarni kamaytirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, transport va logistika, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangani aytib o‘tildi.

Vazir shu kunning o‘zida «All Nippon Airlines» kompaniyasi prezidenti Shin’ichi Inoue bilan ham uchrashdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Muloqotda turizm va aviatsiya sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Yaponiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, jumladan, fuqaro aviatsiyasini barcha yo‘nalishlarda rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi. Samarqand, Buxoro, Urganch va O‘zbekistonning boshqa tarixiy shaharlariga «All Nippon Airlines» aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

23 dekabr kuni Vladimir Norov Yaponiyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakat ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Keyko Nagaoka bilan muzokaralar o‘tkazdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekistonda yapon texnologiyalari va mutaxassislarini jalb qilgan holda professional ta’lim muassasasini (yapon tilida «kosen») ochish, texnik mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlash bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzish orqali oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalasida ish boshlash, shuningdek, mamlakat o‘qituvchilari va tadqiqotchilari uchun treninglar va stajirovkalarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shu kunning o‘zida TIV rahbari Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) raisi Nobuxiko Sasaki bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston-Yaponiya o‘rtasidagi investitsiya va savdo aloqalari, metallurgiya, kimyo va to‘qimachilik sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Vladimir Norov Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillarini O‘zbekistonda o‘tkaziladigan iqtisodiy tadbirlarda, xususan, ikkinchi Toshkent investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Tokioga tashrif buyurgan vazir Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda «Yaponiya-Markaziy Osiyo» parlament do‘stlik ligasi raisi Taro Aso va liga a’zolari bilan uchrashdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Bugungi kunda Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi a’zolari soni 41 nafarga yetgani qayd etildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va Yaponiya atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Akixiro Nishimura o‘rtasidagi uchrashuvda ekologiya sohasidagi O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarini yanada faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Tomonlar shu yilning oktabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekistonda yashil texnologiyalarni joriy etish va dekarbonizatsiyalash jarayonini jadallashtirish maqsadida Yaponiya investitsiyasini jalb etishni nazarda tutuvchi «Qo‘shma kreditlash mexanizmi» bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanganini qayd etdi.

Yaponiya Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etishda, jumladan, Orolbo‘yi hududida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondi faoliyatida ishtirok etish orqali O‘zbekistonga ko‘mak berishda davom etishga tayyor ekani bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Yaponiya Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

24 dekabr sanasida Tokioda «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida transport bog‘liqligi, logistika, sanoat kooperatsiyasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi.

2016 yildan 2021 yilgacha O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oshib, 6,4 milliard dollarni tashkil etgani aytib o‘tildi. Yaponiya bilan kadrlar malakasini oshirish, migratsiya, turizm, madaniyat sohalarida hamkorlikni faollashtirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

Yig‘ilishdan so‘ng Tokioda O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov va Yoshimasa Xayashi o‘rtasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Norov O‘zbekiston logistika, transport bog‘liqligi, ta’lim va yashil energiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha muloqot doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini ta’kidladi.

2023 yilga mo‘ljallangan tadbirlar jadvali, jumladan, O‘zbekiston-Yaponiya vazirliklararo maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi ko‘rib chiqildi.

Yo.Xayashi Yaponiya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ijobiy qabul qilib, mamlakat bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni, jumladan, hukumat tomonidan suveren kafolatlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Bunday turdagi birinchi loyiha Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida Yaponiya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida bug‘-gazli elektr stansiyasini qurish bo‘ladi.

Tashrif doirasida tashqi ishlar vaziri Yaponiyadagi vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekistonning Tokio shahridagi elchixonasida Yaponiyada tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlar hamda O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan yaponiyalik fuqarolar bilan uchrashuv tashkil etildi.

ўзбекистон, yaponия, hamkorlik

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Yakunda munosabatlarni rivojlantirishga faol hissa qo‘shayotgan vatandoshlar va Yaponiya fuqarolariga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining tashakkurnomalarini topshirish marosimi o‘tkazildi.